AsosiyJamiyat

Qashqadaryolik mahalla raisi kam ta`minlangan oilalarga ajratilgan mablag`ni o`zlashtirib yubordi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi «O`rtadara» mahalla fuqarolar yig`ini raisi kam ta`minlangan oilalar uchun ajratilgan pullarni turli yo`llar bilan talon-taroj qilganligi aniqlandi. Bu haqda Uz24.uz xabar bermoqda.

Mahalla raisi Tuman bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi mehnat inspektori bilan birgalikda qalbaki dalolatnomalar tuzib, bir necha fuqaroga jami 47 million 555 ming so`m miqdorida nafaqa tayinlab, shundan 39 million so`mdan ziyodrog`ini nafaqa puli sifatida to`lab yuboradi va bu jinoiy harakatlari bilan byudjet mablag`iga katta ziyon etkazadi.

Mahalla raisi o`zidan avval ishlagan sobiq oqsoqolning ayoli va kelini nomiga qalbaki hujjatlar asosida 900 mingdan ziyod nafaqa pulini to`lab yuborgan. Qolaversa, tekshiruvlardan aniqlanishicha, mahalla posbonining turmush o`rtog`i nomiga uchta holatda bir million 444 ming so`mdan ziyod, o`z xotini, singlisi va qiziga ham «kam ta`minlangan oila»lar sifatida ikki milliondan ortiq nafaqa pulini yozib yuborgan.

Shuningdek, rais va uning sheriklari «O`rtadara» MFYda 2009—2013 yillar davomida qalbaki yig`ilishlar o`tkazib, dalolatnomalarga fuqarolarning daromadlari to`g`risida soxta ma`lumotlar va yozuvlar kiritgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Qamashi tuman sudi yuqorida bayon etilgan jinoyat ishini ko`rib chiqib, sudlanuvchilarga nisbatan qonuniy jazo tayinladi.

    Boshqa yangiliklar