Navoiylik ayol odamlarning ishonchini suiiste`mol qilib, firibgarlik bilan pul topishdek jinoyat turini o`ziga "kasb" qilib olib, muqaddam 6 marta jazoga tortilsa-da, "tavba" qilmadi, deb yozmoqda uz24.uz "Huquq" gazetasiga tayanib.
4 nafar farzandning onasi Ra`no Ishanqulova bir soddadil ayolning ishonuvchanligidan foydalanib, Karmana tumanida Kumushkon qo`rg`onidagi er uchastkalaridan birini 3 mln. so`mga olib berishini, pulning o`rniga tillalar yoki kiyim-kechaklar bilan hisob-kitob qilishi mumkinligini aytadi.
Erning daragini eshitgan dugonasi quvonganidan tilla taqinchoqlarini Ra`no Ishanqulovaga qo`shqo`llab "hadya" qilib yubordi. Shu usulda dugonasining 7 million 865 ming so`mlik kiyim-bosh va tilla taqinchoqlarini qo`lga kiritadi.
Bundan tashqari, firibgar ayol tilla taqinchoqlarni qimmatroqqa sotib berish "xizmati"ni ham amalga oshirib kelganligi aniqlandi. U shu yo`l bilan ikki nafar tanishining 43 million 120 ming so`mlik va 9 million 800 ming so`mlik tilla taqinchoqlarini qo`lga kiritdi. Aldov yo`li bilan qo`lga kiritilgan qimmatbaho taqinchoqlarni sotib yuborib, pullarini bemalol shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatdi.
R. Ishanqulova firibgarlik qilmishlari uchun yana bir karra sudning qora kursisidan joy oldi. Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy shahar sudi tomonidan Ra`no Ishanqulovaga tegishli jazo tayinlandi.





