O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan eshitish va so`zlash bilan bog`liq nogironligi bo`lgan kishilarning diniy ibodatlarini to`la ado etishi, juma ma`ruzalarini tushunishi uchun "Surdo-onlayn" dasturi hayotga tatbiq etilmoqda.
Nogironligi bo`lgan kishilarga surdo tilida muomala qilish, ularga bo`lgan e`tiborning bir ko`rinishidir. Bunday kishilar bilan doimiy uchrashuvlar tashkil etish, ularning holidan xabar olish fondning asosiy faoliyat yo`nalishlaridan biriga aylangan.
Fond tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning davomi sifatida Toshkent viloyatining Chirchiq shahri hamda Navoiy viloyatining Navoiy shaharlaridagi masjidlarda surdo-onlayn uskunalari o`rnatildi va ilk bor 15 fevral kungi juma mav`izasi surdo tarjimon yordamida namoyish etildi.






