Sirdaryolik tadbirkor Dilfuza Mansurova Yangi yil arafasida Guliston shahrida ehtiyojmand oilalardagi qizchalarga bayramona ko`ylakchalar sovg`a qilgandi. Kuni kecha u Qoraqalpog`istonning bir necha hududlarida ham ana shunday xayrli ishni amalga oshirdi, deya xabar beradi "Xalq so`zi".
Dastlab u Nukusdagi respublika tug`ruqxonasida 11 nafar ayolga chaqaloq buyumlari to`plamini tuhfa qildi. Nukus va Xo`jayli tumanlarida esa 20 ta oila farzandlariga korxonasida ishlab chiqarilgan bolalar kiyimlarini topshirdi.
«2019 yilda ishlab chiqargan mahsulotlarimdan bir qismini butun O`zbekistondagi kam ta`minlangan oilalarga tarqatishni o`z oldimga maqsad qilib qo`yganman. Bu ishimni Qoraqalpog`istondan boshladim. Xudo xohlasa, bunday tadbirni O`zbekistonning qolgan 12 ta viloyatida ham o`tkazaman», — deydi tadbirkor.
Ma`lumot uchun, Dilfuza Mansurova bosh bo`lgan jamoa arzon va sifatli chaqaloq kiyimlari to`plami ishlab chiqaradi. Qizig`i, xayriya tadbirlari bilan shug`ullanayotgan bu ayolning uy-joyi yo`q, ijara xonadonda yashaydi.






