Soliq tizimida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda, deb xabar berdi Toshkent viloyati soliq boshqarmasi matbuot xizmati.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi «Soliq ma`muriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini qo`llashni kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 807-sonli qaroriga asosan Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hamda Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida hisobvaraq-fakturani tajriba tariqasida elektron usulda joriy etish yo`lga qo`yildi.
Servis va xizmat ko`rsatish tarmoqlaridagi korxonalar faoliyatiga tatbiq etilayotgan ushbu zamonaviy usul tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini oladi, xarajatlarini kamaytiradi.
Bugungi kunda Chirchiq shahrida 154 ta servis va xizmat ko`rsatish faoliyati bilan shug`ullanuvchi korxonalar bo`lsa, ularning 85 foizi hisobvaraq-fakturalarni elektron tarzda topshirish tizimiga o`tdi. Qolgan 39 ta korxona esa bevosita aholiga naqd pul va plastik kartochkalar orqali tovar-xizmatlarni realizasiya qiluvchi xo`jalik sub`ektlaridir.
Chirchiq shahrida joriy yilning 6 fevral kuniga qadar o`tkazilgan targ`ibot-tashviqot ishlari natijasida 347 ta korxona tomonidan umumiy qiymati 63,7 milliard so`mga teng bo`lgan 5 774 ta hisobvaraq-fakturalar elektron tarzda jo`natildi.
«Hozirda korxonamizdan hisobvaraq-fakturani elektron tarzda jo`natayapmiz. Bu tizimning qulayligi shundaki, o`z ish joyimizdan turib korxonalarga hisobvaraq-fakturalarni tezkor tarzda jo`nata olamiz, buning uchun elektron kalit va internetga ulangan kompyuter bo`lsa kifoya. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan biz kabi soliq to`lovchilar uchun yaratilgan ushbu imkoniyatning afzalliklarini amalda bilib, tushunib borayapmiz. Shu vaqtgacha tovar-moddiy boyliklarimizni sotib olayotganimizda qog`ozli hisobvaraq-fakturalardan foydalanar edik va ularni uzoq saqlash, zarur paytda tezkor izlab topishda ortiqcha vaqt sarflar edik. Endilikda elektron tarzda yuborilgan hisobvaraq-fakturalar bazada saqlanib, uni kerakli paytda topish mumkin», – deydi buxgalter Shamsiya Mirzajonova.
Hisobvaraq-fakturalarning elektron usuli soliq idoralariga ham qator qulayliklarni yaratadi. Xususan, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning tashqi manbasini aniqlash, korxonalar o`rtasidagi munosabatlar shaffofligini ta`minlash imkonini beradi.
Tadbirkorlik sub`ektlari bilan o`tkazilayotgan seminarlarda hisobvaraq-fakturalarni elektron usulda topshirishning afzalliklari xususida tushunchalar berib borilmoqda.






