AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi xalqaro shartnoma loyihasini huquqiy ekspertizadan o`tkazadi

'Adliya vazirligi xalqaro shartnoma loyihasini huquqiy ekspertizadan o`tkazadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to`g`risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga muvofiq, O`zbekistonning xalqaro shartnomalari quyidagicha tuziladi:

  • O`zbekiston nomidan – davlatlararo shartnomalar;
  • Hukumat nomidan – hukumatlararo shartnomalar;
  • Adliya vazirligi xalqaro shartnoma loyihasi qonun hujjatlariga muvofiqligi borasida huquqiy ekspertizadan o`tkazadi.

Loyihalar Tashqi ishlar vazirligida ham majburiy huquqiy ekspertizadan o`tkaziladi hamda xalqaro shartnoma matnining quyidagilarga mosligi tekshiriladi:

  • xalqaro huquqning umum e`tirof etilgan prinsiplari va normalariga;
  • O`zbekistonning boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan xalqaro majburiyatlarga;
  • O`zbekistonning tashqi siyosiy faoliyat sohasidagi qonun hujjatlariga;
  • yuridik texnika talablariga va O`zbekistonning xalqaro shartnomalarini rasmiylashtirish amaliyotiga muvofiqligiga.

O`zbekiston nomidan xalqaro shartnoma tuzish to`g`risidagi taklif Prezidentga Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi.

O`zbekiston Hukumati nomidan xalqaro shartnomani tuzish to`g`risidagi taklif Vazirlar Mahkamasiga Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi.

O`zbekistonning idoralararo shartnomasini tuzish to`g`risidagi taklif Prezidentga yoki Hukumatga ushbu shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar o`z vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan kiritiladi.

Prezident, Bosh vazir, tashqi ishlar vaziri, davlat organining rahbari xalqaro shartnomalarni imzolaydi.

Quyidagi xalqaro shartnomalar ratifikasiya qilinadi:

  • davlatlararo munosabatlarning asoslari haqidagi va o`zaro huquqiy yordam to`g`risidagi;
  • O`zbekistonning mudofaasiga daxldor masalalar bo`yicha, tinchlik shartnomalari va kollektiv xavfsizlik to`g`risidagi shartnomalar;
  • O`zbekistonning boshqa davlatlar bilan hududiy chegaralanishi to`g`risidagi;
  • O`zbekistonning davlatlararo ittifoqlardagi, xalqaro tashkilotlardagi va boshqa birlashmalardagi ishtiroki to`g`risidagi;
  • bajarilishi amaldagi qonunlarning o`zgartirilishini yoki yangi qonunlar qabul qilinishini talab etadigan.

Xalqaro shartnomani ratifikasiya qilish to`g`risidagi qonunga asosan ratifikasiya yorlig`i Prezident tomonidan imzolanadi.

    Boshqa yangiliklar