Uzoq tanaffusdan so`ng “Xalq so`zi”ga O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan irrigator, suv xo`jaligi sohasining yirik mutaxassisi Ismoil Jo`rabekov eksklyuziv intervyu berdi.
Soha faxriysi o`z suhbatida Orol dengizi qanday va nima uchun qurigani, bu fojiaga olib kelgan tushunarsiz qarorlar, dengiz “taqdiri”ni hal etishda muhim ahamiyat kasb etgan xatolar, shuningdek, boy berilgan ulkan ko`lni tiklash mumkinmi yoki yo`q ekanligi xususidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
Quyida eksklyuziv intervyuni e`tiboringizga havola etamiz.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatish, mintaqada ekologik barqarorlikni ta`minlash, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish bo`yicha olib borilayotgan keng ko`lamli ishlarni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki jahon hamjamiyati ham diqqat-e`tibor bilan kuzatmoqda. Binobarin, Orol dardi allaqachon olamning og`riqli dardiga aylanib ulgurgan.
— Orolni ko`p ko`rganman, har yili bo`lmasa ham ikki yilda bir marta, albatta, borardim, — deya so`z boshladi Ismoil Hakimovich. — Ilk tashrifim aniq esimda. O`shanda 1971 yil edi. Mo`ynoq tomon ketarkanmiz, yo`lning o`ng va so`l tomonida dengiz qirg`oqlariga to`lqinlar urilib turardi. U vaqtlarda Orol sathining pasayishi unchalik sezilmas, Sirdaryo va Amudaryodan suv doim kelib turardi.
Ba`zan suv bir oz kamayar, lekin bu iqlim sharoitlari bilan bog`liq bo`lib, tabiiy hodisa edi.
Suv chekina boshlagani 1972 yildayoq ma`lum bo`lib qoldi. Eng qiyin davr 1979-1980 yillarga to`g`ri keldi. O`shanda dengiz shunday jadal sur`atda orqaga ketdiki, qirg`og`idan hatto 15 — 20 kilometrgacha nari ketdi. Bugungi kunga kelib, dengizning avvalgi qirg`og`idan hozirgisigacha bo`lgan masofa yuz kilometrdan ham ziyodni tashkil etadi. Bu — chinakam fojia!
Qachondir kattaligi bo`yicha dunyoda to`rtinchi o`rinda turgan ko`l deyarli yo`qoldi, uning o`rnida esa maydoni 5,5 million gektardan iborat sahro — Orolqum paydo bo`ldi. Shamol bu erdan yiliga yuz million tonnagacha qum va tuzni ko`tarib, yuzlab kilometrga uchiradi. Bu, ayniqsa, Orolbo`yida yashab kelayotgan tub aholi uchun nihoyatda og`ir sharoit tufayli yuzaga kelgan katta sinovdir. Aholi, birinchi galda, davlat tomonidan ko`rsatiladigan yordam va ko`makka juda muhtoj.
To`g`ri, ilgari Orol muammosini hal etish bilan shug`ullanilmagan, deya olmaymiz. O`zbekistonning o`zida ham, xalqaro miqyosda ham, masalan, Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi tomonidan turli chora-tadbirlar ko`rilgan. Nazarimda, Orolbo`yidagi vaziyatni o`nglash bilan Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusiga ko`ra, aniq va kompleks tarzda shug`ullana boshladik. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib, jahon hamjamiyatining sa`y-harakatlarini Orol fojiasi oqibatlarini engish uchun faol birlashtirishga chaqirdi hamda undan zarar ko`rgan aholiga yordam ko`rsatish bo`yicha qabul qilingan maxsus BMT Dasturini to`liq hajmda ro`yobga chiqarishga da`vat etdi.
Xalqaro hamjamiyat O`zbekiston etakchisining tashabbusiga qo`shildi. Misol uchun, BMT huzurida Orolbo`yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tuzildi. Unga turli mamlakatlardagi donorlardan hududda yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan loyihalar ro`yobi uchun mablag` kelib tusha boshladi.
Orol fojiasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashda boshqa davlatlarning ko`magi juda muhim. Mazkur keng ko`lamli ishga O`zbekistonning o`zi bosh bo`lishi kerak. Darhaqiqat, mamlakatimizda ushbu yo`nalishda qator yirik loyihalar faol amalga oshirilyapti. Masalan, Orolning qurigan qismida saksovul ekishga alohida e`tibor berilyapti. Ma`lumotlarga ko`ra, mustaqillik yillarida Orolbo`yida saksovulzorlar 400 gektardan ortiq maydonni tashkil etgan. Ammo hamma ko`chatlar ham tutib, o`sib ketmagan. Davlatimiz rahbari tomonidan 500 ming gektar erga ko`chat ekish topshirig`i berildi. Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari orqali barchamiz ko`rib-kuzatib turganimizdek, Orol tubi bo`ylab o`nlab haydov va chopiq traktorlari ariq tortmoqda. Ular respublikamizning barcha viloyatlaridan shu erga jalb etilgan. Tortilgan ariqlarga 50 santimetr chuqurlikda saksovul ekilyapti, ya`ni barcha agrotexnika qoidalariga rioya qilinmoqda. Bu esa bir necha yildan so`ng Orolqum o`rnida millionlab daraxtlar o`sishi, qum bo`ronini to`sib qolishga qodir bo`lgan haqiqiy cho`l o`rmoni — saksovulzor yuzaga kelishiga ishonch uyg`otmoqda.
Mamlakatimizda Orolbo`yida turmush sharoitlarini yaxshilash bo`yicha belgilangan chora-tadbirlarni ro`yobga chiqarishga alohida e`tibor berilmoqda. Jumladan, Mo`ynoq tumanida barcha talablarga javob beruvchi zamonaviy turarjoylar barpo etiladi, ishlab chiqarish va ijtimoiy ob`ektlar qurilib, zarur infratuzilma yaratiladi. Bugungi kunda o`sha erga har safar borganimda, katta o`zgarishlarga guvoh bo`lyapman.
— Ismoil Hakimovich, bugungi kunda Orol bilan bog`liq halokat oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar nafaqat faollashdi, balki yanada aniq rejalar asosida olib borilmoqda. Lekin nima bo`lganda ham, bu — oqibatlarga qarshi ishlar. Xo`sh, aslida uning dastlabki sabablari haqida so`zlab bera olasizmi? O`zbekistonda yangi erlarni o`zlashtirishning ilk tashkilotchilaridan biri sifatida Sizning fikringiz, qarashlaringiz ko`pchilik o`quvchilarimiz uchun qiziq, albatta.
— Orol fojiasining ilk sabablari nimada? Men bu masalada ko`plab mutaxassislar, olimlar va ekspertlarning fikri bilan tanishman. Aytish lozimki, bu — nihoyatda murakkab mavzu. Ba`zan ushbu masala bo`yicha bahs boshlansa, his-tuyg`ularga berilib ketish ham kuzatiladi. O`z vaqtida u, menimcha, haddan tashqari siyosiylashtirib yuborilgan edi.
Xo`sh, fojiaga o`zi nima olib keldi? Buni tushunish uchun, keling, his-tuyg`ularni bir chetga surib, oddiy dalillarga murojaat qilaylik. Xaritaga qarang. Sirdaryoni olsak, u Tojikiston, O`zbekiston va Qozog`iston hududlaridan oqib o`tadi. Lekin daryo oqimining deyarli to`rtdan uch qismi Qirg`izistonda shakllanadi, ya`ni muzliklar erishidan hosil bo`lgan Qoradaryo va Norin daryolarining qo`shilishidan Sirdaryo tashkil topadi. Amudaryo oqimining 80 foizi esa Tojikiston va Afg`onistondagi tog`larda vujudga keladi. Shundan keyin bu daryo O`zbekiston va Afg`oniston chegarasi bo`ylab oqadi, Turkmanistonning shimoli-sharqiy qismini kesib o`tib, yana O`zbekiston hududida oqishni davom ettiradi. Hattoki, bugungi global isish va muzliklar erishi sharoitida ham Orolni to`ldirib turgan bu ikki daryoning suvi uni saqlab qolish uchun etgan bo`lar edi.
Endi tarixga nazar tashlasak. O`tgan asrning 60-yillarida O`rta Osiyoning barcha respublikalari va Qozog`istonda jadal sur`atlar bilan cho`llarni o`zlashtirish boshlandi. Yiliga 70 — 80 ming gektar er o`zlashtirilar edi. Bir gektar maydonni qishloq xo`jaligida foydalanish uchun tayyorlash, u erda hosil etishtirishga hech bo`lmaganda o`n va undan ortiq ming kub metr suv kerak bo`ladi. Shunday qilib, cho`lni o`zlashtirish uchun har yili 600 — 700 million, ba`zan bir milliard kub metrgacha suv sarflanar edi. Sirdaryo va Amudaryodan suv olish hajmi yildan-yilga ortib bordi. Vaqti kelib, daryolar endi Orolga etib bormay qo`ydi, bunday holat keyingi yillarda yuz berdi.
Xo`sh, biz Orolni yo`qotib qo`yishimiz mumkinligini qachon tushunib etdik? Aslida cho`l erlarni keng ko`lamda o`zlashtirish natijasida daryolar suvi Orolga etib bormasligi avvaldan ma`lum edi. Shuni bilgan holda, nega bo`lmasa, bunchalik tez o`zlashtirish va ko`p suv sarfiga yo`l qo`yildi?
Bunga bir nechta sabab bor edi. Shulardan asosiy ikkitasini keltirib o`taman. Birinchi galda — O`rta Osiyo respublikalarida aholi sonining yiliga 2 — 2,5 foizgacha o`sishi. Shu o`rinda qator savollar paydo bo`ladi. Mabodo, o`sha vaqtda sug`oriladigan erlar maydoni 1,8 milliondan 4,3 million gektargacha etkazilmaganida, bugun O`zbekiston o`zining 33 milliondan ziyod aholisini boqa olarmidi? To`g`ri, erlar, asosan, paxta ekish maqsadida o`zlashtirilgan va ko`pgina oziq-ovqat mahsulotlari O`zbekistonga boshqa respublikalardan keltirilgan. Bu — sobiq ittifoq markazining o`sha davrdagi siyosati edi. Lekin agar o`shanda erlar o`zlashtirilgan bo`lmaganida, ittifoq parchalanib ketganidan keyin qanday ahvolga tushib qolardik — buni endi tasavvur qilish qiyin emas. Oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan valyutaga sotib olishga to`g`ri kelgan bo`lardi, mustaqil respublikada esa valyuta etishmasdi. Shu erda O`zbekiston suverenitetga erishgan dastlabki kunlarda bor-yo`g`i bir haftaga etadigan bug`doy zaxirasi mavjud bo`lganini eslashning o`zi kifoya. O`shanda va undan keyin ham valyuta, asosan, paxta tolasini eksport qilish hisobiga topilgan va unga oziq-ovqat mahsulotlari, eng avvalo, don xarid qilingan.
Orol uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini bilgan holda, baribir nimaga cho`l o`zlashtirishga zo`r berib, Sirdaryo va Amudaryoning suv zaxiralari ko`p sarf qilinavergan? Endi buning ikkinchi sababiga kelsak. Bu O`zbekistonni ham, qo`shni respublikalarni ham rivojlantirish bilan bog`liq. Aynan o`sha davrda qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishni jadal ko`paytirish bilan bir qatorda, yirik korxonalar ham qurilgan, ular esa ham mahsulot ishlab chiqargan, ham aholini ish o`rinlari bilan ta`minlagan. Erlarni o`zlashtirish bilan bir paytda, bugun millionlab odamlar yashayotgan aholi punktlari bunyod etilgan. Ya`ni agar yangi erlarni o`zlashtirmaganimizda, iqtisodiyotimizning bugungi taraqqiyoti darajasiga, uning mustaqillik yillaridagi o`sishi uchun zamin yaratishga erishgan bo`lmasdik.
Yo`q, hozir hikoya qilayotganlarimni o`z vaqtida Orolni halokatga olib kelgan sa`y-harakatlarni oqlash, deya qabul qilmasligimiz kerak. Asosiy ayb insonning tabiatga aralashuvida ekanligi aniq. Shunday bo`lsa-da, adolat nuqtai nazaridan, insonga nima uchun shu qadamni qo`yish zarur bo`lganini ham hisobga olishga to`g`ri keladi. Unchalik chiroyli bo`lmasa ham, quyidagi o`xshatishni keltirmoqchiman: tarozining ikki pallasini ko`z oldimizga keltirsak, bir pallada — Orol qismati, ikkinchi pallada esa — bugungi kunda erishganlarimizning katta qismi va ko`plab odamlar taqdiri.
— Oldindan tasavvur qilish mumkinki, bunday o`xshatish ko`pchilikka ham yoqavermaydi. Ammo tarozining ikki pallasini muvozanatga keltirish, ya`ni ham Orolni saqlab qolib, ham erlarni o`zlashtirish uchun boshqa yo`l bo`lmaganmi?
— Bo`lgan. O`zbekistonda “yuqori”dan tushirilgan har bir buyruqni hamma indamay bajaravergan, deb o`ylash kerak emas. Orolga suv quyilmay qo`yishi aniq bo`lgach, Sharof Rashidov boshchiligidagi o`sha vaqtdagi respublika rahbariyati bu masalani sobiq ittifoq rahbariyati oldida ko`tarib chiqqan. Unga quloq tutishgan va Sibir daryolari oqimining bir qismini Qozog`iston hamda O`rta Osiyo respublikalariga burib yuborish bo`yicha qaror qabul qilingan. Qarorda Sirdaryo va Amudaryodan yangi erlarni o`zlashtirish uchun olib sarflanayotgan suvning o`rnini qoplash maqsadida Sibir daryolaridan 17 kub kilometrgacha suvni bizning mintaqaga yo`naltirish ko`zda tutilgan. Bunday hajmdagi obihayot Orolni to`ldirish uchun etgan bo`lardi. Bu ish boshlab ham yuborildi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, o`shanda Sibir daryolari o`zanini o`zgartirish loyihasi ustida 160 dan ortiq tashkilotlar, 48 ta loyiha va 112 ta ilmiy-tadqiqot instituti, ittifoq miqyosidagi 32 ta vazirlik hamda ittifoqdosh respublikalarning 9 ta vazirligi ishlagan. O`zbekistonda bu ulkan loyihani ro`yobga chiqarish uchun qurilishga tamal toshi qo`yilgan. Ammo yuz bergan muayyan voqealar, rahbariyat almashinuvi tufayli sobiq “markaz”da turli-tuman fikrlar ko`payib, loyiha o`ta qizg`in muhokamaga uchradi. Asosan, katta mintaqaning ekologiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin, degan vajlar ko`rsatildi, shunday qilib, loyiha bo`yicha ishlarni to`xtatishga qaror qilindi.
Agar loyiha amalga oshirilganda, boshqa mintaqalarga qanday ta`sir ko`rsatgan bo`lar edi, buni hozir ayta olmayman. O`zbekiston esa mazkur loyihadan yutishi aniq edi va Orol ham qurimasdi. Ammo... tarixiy mazmundagi matnlarda grammatik jihatdan (“shunday bo`lganda edi” kabi shakllarda) “fe`lning shart mayli” qo`llanilmaydi.
— Sibir daryolari oqimining bir qismini Qozog`iston hamda O`rta Osiyo respublikalariga tashlash bo`yicha keyinroq ham yana loyihalar ishlab chiqilgan-ku?!
—Ularni puxta hisob-kitoblarga asoslangan loyiha, deb atash qiyin. Ko`pincha g`oya bosqichida qolib ketgan. Ular ustida olimlar, vazirlik va idoralar ish olib bormagan. To`g`risini aytganda, u yoki bu ko`rinishdagi shunga o`xshash loyiha, jumladan, O`zbekiston uchun ham kerak.
Men nimani nazarda tutyapman? Ayni zamonda hamma Orol fojiasida O`rta Osiyo respublikalarini ayblash bilan ovora — go`yoki qishloq xo`jaligini rivojlantirish uchun juda katta hajmdagi suvni sarflayotgani sababli. Vaholonki, hozircha o`zini namoyon qilmayotgan boshqa kattaroq xavf ham mavjud. Yana bir marta xaritaga qaraymiz. Amudaryoga Afg`oniston hududining katta qismi ham tutash. O`sha erda, ya`ni daryo oqimining chap tarafida 600 ming gektarga yaqin kaftdek tekis er maydoni bor. Hozirgi murakkab sharoitda erni kompleks o`zlashtirish uchun na sharoit, na mablag` va na quvvatlar etarli, shu bois bu masala hech kimni qiziqtirmayapti. Agar vaziyat o`zgarib, shu erlarni o`zlashtirish boshlansa, suvni, albatta, Amudaryodan olishadi-da. Keyin bunday holat pastki qismda joylashgan O`zbekiston va Turkmaniston uchun qanday ta`sir ko`rsatadi, bashorat qilish qiyin. Unda ekologlarning harakatlari foyda beradimi, yo`qmi?
Voqealarning bunday rivoji yaqin kelajakda namoyon bo`lishi ko`rinib turibdi. Demak, unga tayyor bo`lish lozim.
— Lekin unda Sibir daryolari oqimining bir qismini burish bo`yicha loyihalardan umid qilish behuda bo`ladi. Yaxshisi, o`z kuch va imkoniyatlarimizga tayanib, suv tejovchi texnologiyalarni keng va jadal joriy etish bilan shug`ullanganimiz ma`qul bo`lsa kerak?
— Hozircha bundan boshqa echimni ko`rmayapman. Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda aynan suv zaxiralaridan tejab foydalanishga katta e`tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz agrar sohaga xos xususiyatlar va suv ta`minoti masalalarini yaxshi biladi. Yangi suv omborlari qurilmoqda. Ko`p sug`orish talab etiladigan ekin maydonlari qisqartirilyapti. Bu, masalan, g`o`za — har bir gektar dalaga o`n ming kub metrgacha suv sarflanadi yoki sholi — uni etishtirishda ushbu ko`rsatkich 20 — 22 ming kub metrga etadi. Ularning o`rniga bog`lar va uzumzorlar barpo etilmoqda, yana kam suv talab qiluvchi boshqa ekinlar ekilyapti.
Tomchilatib sug`orishga teng keladigan muqobil usul yo`q. Davlatimiz rahbari tomonidan erlarning ko`p qismida shu texnologiyaga o`tish masalasi ko`tarilgani bejiz emas. Uning foydaliligi avval ham ma`lum edi. Lekin joriy etish uchun mablag` ham, jihozlar ham, texnika ham yo`q edi. Endi bo`lsa, bularning hammasini topish uchun eng yuqori darajada choralar ko`rilmoqda. Men o`zim ikkita qo`shni dalada g`o`za qanday etishtirilayotganiga guvoh bo`ldim. Bittasida tomchilatib sug`orish usuli, ikkinchisida esa an`anaviy usul qo`llanilmoqda. Natijani qarang: birinchi daladan ikkinchisiga nisbatan 35 foiz ko`proq paxta hosili terib olinibdi va uch baravar kam suv sarflanibdi.
Xitoyda bo`lganimda bir fermerning dalasi yonida to`xtab, hosil etishtirish uchun qancha miqdorda suv sarflashini so`ragan edim. U “gektariga 3 800 — 4 000 kub metr”, deb javob berdi. Ishonmagan edim, fermer mendan xafa bo`lib qoldi. Axir bizda o`shancha joyga 12 va undan ortiq ming kub metr suv sarflanadi-da. Buning siri esa aynan tomchilatib sug`orishda ekan.
To`g`ri, tomchilatib sug`orish sohasida dunyoda Isroil davlati etakchilik qiladi, u erda ushbu texnologiya barcha sug`oriladigan erlarning deyarli 75 foizida joriy etilgan. Lekin maydon kattaligi jihatidan oladigan bo`lsak, u raqobatlasha olmaydi. Masalan, Xitoyda tomchilatib sug`orish besh million gektardan ziyod maydonlarda, Hindistonda esa ikki million gektar erda qo`llaniladi. Bizning mamlakatimizda-chi, bu usul 50 ming gektardan kamroq maydonda joriy etilgan va mazkur ko`rsatkich barcha sug`oriladigan erlarning atigi bir foizdan ziyodrog`ini tashkil qiladi. Ana endi O`zbekiston suv tejash bo`yicha qanday katta salohiyatga ega ekani ko`rinib turibdi.
— Agar o`z vaqtida Suv xo`jaligi vazirligi tugatilmaganida, balki tomchilatib sug`orish ancha ilgariroq joriy etilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligi ham oshgan bo`larmidi?
— Ha, men buni katta xato, deb hisoblaganman va hozir ham shunday deb o`ylayman. O`sha vaqtda Suv xo`jaligi vazirligini tugatishga iloji boricha qarshi chiqqanman. Afsuski, bu qarorga ta`sir ko`rsata olmaganman. Endi Prezident Shavkat Mirziyoev Suv xo`jaligi vazirligini qayta tiklagani va unga eng jiddiy vazifalarni yuklaganidan xursandman. Hech kimni tanqid qilmoqchi emasman-u, ko`p yillar davomida katta mehnat evaziga qurilgan inshootlar borgan sari yaroqsiz holga kelayotganini ko`rish biz, irrigatorlar uchun ayanchli edi. Natijada 600 ming gektar erning meliorativ holati yomonlashdi, 200 ming gektar er esa umuman foydalanishdan chiqib ketdi. O`zbekiston uchun 200 ming gektar er qanday ahamiyatli ekanini bilasizmi? Bu — dasturxonimizni bezashi va eksport qilinishi mumkin bo`lgan ulkan hajmdagi qishloq xo`jaligi mahsulotlari degani. Bu — yuz minglab ish o`rinlari degani. Ishonasizmi, ba`zi qishloqlarda suv yo`q bo`lgani uchun hayot ham yo`qoldi, odamlar ish izlab boshqa joylarga ketib qolishgandi. Buni kuzatish naqadar achinarli edi! Endi esa qayta tiklangan meliorasiya tizimi erni yana jonlantirmoqda, odamlar ham o`z jonajon eriga qaytyapti! Mana, davlatimiz rahbari belgilab bergan maqsad. Lekin yo`qotilgan tizimni qayta tiklashning o`zigayoq hech bo`lmaganda 3-4 yil ketadi. Bu davr ichida foydalanishdan chiqib ketgan er maydonlari tiklanadi va ularda yana dehqonchilik qilib, hosil undirish mumkin bo`ladi. Yuz minglab gektar erlarda meliorativ holatni yaxshilash tadbirlari olib boriladi. Men ham o`z tajribam bilan Suv xo`jaligi vazirligi mutaxassislariga yordam berish orqali bu katta ishga hissa qo`shishim mumkinligidan xursandman.
— Ismoil Hakimovich, asosiy mavzuga qaytsak. Demak, Orol butunlay ketdi va endi qisman bo`lsa-da tiklanmaydimi?
—“Hech qachon “hech qachon” dema”, degan ibora bor. Lekin xavotirdamanki, avvalgi Orolni, hatto kichikroq o`lchamda bo`lsa ham, endi ko`rmaymiz. Uning o`rnida hozir mavjud bo`lgan uchta ko`l saqlanib qoladi. Ular Sirdaryo va Amudaryodan emas, balki er osti suvlari va boshqa manbalardan suv oladi. Paydo bo`lgan Orolqumga saksovul va qurg`oqchilikka chidamli boshqa o`simliklarni ekish zarur. Eng muhimi, Orolbo`yi aholisi uchun yaxshi sharoitlar yaratish, ularning salomatligi, munosib turmush tarzi va mehnat qilishi uchun harakat qilish kerak.
Afsuski, Orolni qaytara olmaymiz. Faqat, bilasizmi, O`zbekistondagina emas, balki boshqa mamlakatlarda ham Orol fojiasi bergan saboqlarni yaxshi anglash, inson faoliyati, u hatto ezgu niyatlar bilan qilingan bo`lsa-da, ayanchli natijaga olib kelishi hech gap emasligini chuqur tushunish lozim.
Bu — saboqlar juda dolzarb. Negaki, dunyoning boshqa mintaqalarida ham dengiz va ummonlarni to`ldiruvchi daryolar suvidan xo`jalik maqsadlari uchun nazoratsiz foydalanish ana shunday vaziyatga olib kelyapti, oqibatda ularning hajmi kichrayib bormoqda. Mutaxassislarga ishonadigan bo`lsak, keyingi 40 yil ichida mashhur O`lik dengizning maydoni uch baravar qisqaribdi. U ikki bo`lakka bo`linib qolgan va sayozlashib bormoqda, hatto yarim asrdan so`ng umuman yo`qolib ketishini ham bashorat qilishmoqda. 1960 yildan boshlab Afrikadagi eng katta suv ombori — Chad ko`li ham kichraymoqda. AQShdagi Katta Tuzli ko`l haqida ham shunday deyish mumkin. Eronning shimoli-g`arbiy qismidagi Urmiya ko`li dunyodagi eng katta oqmas sho`r ko`l hisoblanadi, ayni vaqtda uni qutqarish bo`yicha ish olib borilyapti. Mabodo, u qurisa, o`rnida milliardlab tonna tuz qoladi. Havza yaqinida yashaydigan million-million kishilar bo`lsa, xuddi Orolbo`yi aholisiga o`xshagan holatga tushadi.
Buning ustiga, ko`l va dengizlarni to`ldirib turuvchi daryolardan (ayniqsa, ular transchegaraviy bo`lsa) suv olishni nazorat qilish juda qiyin. Ba`zi ekspertlar esa dunyoning muayyan mintaqalaridagi chuchuk suv va oziq-ovqat taqchilligi hatto mamlakatlar o`rtasida nizo kelib chiqishiga sabab bo`lishi ham ehtimoldan yiroq emas, deyishmoqda.
Darvoqe, bu erda ham O`zbekiston tajribasi qo`l kelishi mumkin. Suv zaxiralari sababli qo`shni mamlakatlar bilan bizning o`rtamizda bahslar bo`lgani esimizda. Ba`zan o`zaro da`vo qilishgacha borganmiz. Shavkat Mirziyoevning Prezident bo`lganidan keyin birinchi qilgan ishi qo`shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash va hamkorlik o`rnatish bo`ldi, shu jumladan, suv zaxiralaridan birgalikda foydalanish masalasida ham. Ma`lum bo`ldiki, “davra stoli” atrofida, uchrashuv va muzokaralar yo`li bilan, suv masalasini qo`shib hisoblaganda, ko`pgina muammolarni hal qilish mumkin ekan. Mana, o`tgan yili suv taqchilligi sezilgan vaqtda qo`shnilar bilan birga, shunday qo`shma chora-tadbirlar qo`llanildiki, suvsizlikdan ko`riladigan zarar minimal darajagacha kamaytirildi.
Qisqasi, yana bir bor takrorlayman, Orol fojiasining saboqlari juda dolzarb va hamma ulardan tegishli xulosa chiqarishi lozim.






