15-yanvar kuni o`zining “Neksiya” avtomobilida uyidan chiqib, bedarak yo`qolgan 26 yoshli Sherboev D. sog`-salomat holda topildi, deb xabar qildi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.
28 yanvar kuni Ichki ishlar organiga Sherboevning onasi murojaat qilib, shu yil 15 yanvar kuni soat 12:30 larda birga yashovchi 26 yoshli o`g`li Davronbek Sherboev “Nexia” avtomashinasida uyidan noma`lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo`qolganligini ma`lum qilgan. Ayol o`g`lining yo`qolganligi haqida darhol ariza yozmaydi, chunki ilgari o`g`li bir necha kun uyiga kelmagan holatlar ham bo`lgan edi.
IIBBning Facebook ijtimoiy tarmog`idagi sahifasining o`zidayoq ushbu xabar 8 728 ta foydalanuvchilar tomonidan ko`rib chiqilib, 167 nafar insonlar tomonidan qayta e`lon qilingan bo`lsa, Telegram messendjerida esa ushbu ma`lumotni ko`rib chiqqanlar soni 5 mingdan oshdi.
Xabarda yozilishicha, Andijon viloyati Xo`jaobod tumanida yashovchi fuqarolar uni tanib qolib, ichki ishlar organlariga xabar qilishadi.
Belgilangan manzilga Toshkent shahri IIBB xodimlari etib boradilar. Davronbek esa sog`-salomat holida o`z avtomobilida uyiga qaytib keladi.






