2014 yil 14 may kuni “O`zbekiston Pespublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o`z kuchini yo`qotgan deb topish to`g`risida”gi qonuni qabul qilingandi. Unga ko`ra korrupsiyaning har qanday ko`rinishi, jumladan, pora bergan yoki pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada kuchaytirilgan. Qisqasi, pora olish ham, berish ham, unga vositachilik qilish ham jinoyat. Jinoyat esa jazosiz qolmaydi...
53 yoshli Azim Og`aev (ism-familiyalar o`zgartirilgan) 2014 yil aprel oyidan 2018 yil 3 avgustga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida Kogon tumani IIB Yong`in xavfsizligi bo`linmasi 11-kasbiy yong`in xavfsizligi qismi boshlig`i lavozimida ishlagan. 2017 yil mayda Shavkat Salimovning ishonchiga kirib, uni Buxoro viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yong`in xavfsizligi boshqarmasiga ishga kiritishga yordam berishni va`da qiladi. Shavkatni laqqa tushirib, Pichoqchi qishlog`idagi uyida 2017 yil undan 1.500 AQSh dollarini “qurtdek” sanab olgan.
"XIZMAT TEKShIRUVIDAN SO`NG IShDAN BO`ShATILDIM"
Sudlanuvchi Azim Og`aev sudda aybiga to`liq iqrorlik bildirdi.
— 2017 yil mayda tanishim Xayrullo Sheraliev qo`ng`iroq qilib, jiyanini Yong`in xavfsizligi xizmatiga ishga joylashtirishga yordam berish lozimligini aytdi. 3 kun o`tib, Shavkat Salimov uyimga 1.500 AQSh dollari olib keldi. Shavkatga pul haqida umuman hech nima demagandim. Lekin ishga joylashtirish uchun pul kerak bo`lmasa, qaytarib berishimni aytgandim. Unga bu pullar ishga joylashtirish uchun kerak bo`lib qolishini aytganman. Shavkat Buxoro viloyat IIB YoXB kadrlar bo`limiga hujjatlarini topshirib, ishga kirish uchun navbatga yozdirib qo`yilgan. Shavkatni ishga olishga vakolatim bo`lmagan. U tegishli tekshiruvlardan o`tib, 2017 yilning iyulida Vobkent tumani IIB YoXBga erkin yollangan o`t o`chiruvchi vazifasiga ishga joylashgan. Shavkatni ishga joylashtirish uchun hech kim bilan gaplashmaganman, pul ham bermaganman. Undan olgan pullarni uyimda saqlaganman. U o`zini shahodatlangan xodim lavozimiga ishga joylashtirishni so`ragandi. Bu shtatlarda hozir bo`sh joy yo`qligi, joy bo`shab qolsa shahodatlangan xodim lavozimiga ishga o`tishi mumkinligini aytgandim. 3 oy vaqt o`tgach, Shavkat oylik maoshi kamligini aytib, o`z xohishi bilan ishdan bo`shagan.
U “Formalik” ishga joylashtirishni so`ragan, unday ishga joylashtirish vakolatim yo`qligini tushuntirganman. 2017 yil sentyabrda Shavkat qo`ng`iroq qilib, G`ijduvondagi restoran yoniga tezda etib kelishimni so`radi. Uchrashdik, “tog`am”, deb tanishtirgan, keyinchalik bilishimcha Botir Eraliev ham bor edi. Botir menga Navoiy viloyati Uchquduq tumanida tergovchi vazifasida ishlaganini aytib, Shavkat harakatlarimdan norozi bo`lib yozgan arizani ko`rsatdi. Shu ariza bilan “portal”ga murojaat qilishini aytib, 1.500 AQSh dollarini qaytarishimni so`radi. Ertasiga ertalab Buxorodagi “Karvon bozor” oldida Shavkat bilan uchrashib, pulni qaytardim, ikkovi sanab olishdi. Hatto pulni olgani haqida tilxat yozib berdi. So`ng ular o`rtasida nima bo`lganini bilmayman. Bir yilga yaqin vaqt o`tib, meni viloyat IIBga chaqirishdi. Bo`lgan voqeani aytib berib, tushuntirish xati yozdim. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi, xizmat tekshiruvidan so`ng ishdan bo`shatildim. Aybimga to`liq iqrorman. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.
G`ijduvondagi fermer xo`jaligida ishchi vazifasida ishlaydigan 40 yoshli Sherali Quvvatov boy “tarjimai hol”ga ega. Unga muqaddam 2018 yil 10 sentyabrdagi hukmga ko`ra, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangandi. Biroq u eski “hunari”ni davom ettirib, 2017 yil sentyabrda oson pul topish maqsadida hamtovog`i Botir Eraliev bilan Shavkat Salimovning ishonchiga kiradi. Unga “O`zbekiston temir yo`llari”da tanishlari borligi, ularga 1.300 dollar bersa, kompaniyaning Navoiy shahridagi bo`limiga ishga joylashtirishini va`da qiladi. Undan Dashtak qishlog`idagi uyida Shavkatdan 2018 yil sentyabrda 1.300 dollar naqd pullarni ustomonlik bilan qo`lga kiritadi.
“Ko`r ko`rni qorong`uda topadi”. 52 yoshli, G`ijduvondagi “Muhabbat Omadi” mas`uliyati cheklangan jamiyatda ishchi vazifasida ishlaydigan Botir Eralievning “tarjimai holi” ham sheriginikidan kam emas. Bu xavfli residivist muqaddam 2012 yil 15 avgustda sudlanib, ozodlikdan mahrum qilish va 2018 yil 10 sentyabrda oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan bo`lsa-da, tegishli xulosa chiqarmagan. U jinoyatga qo`l urganida sudlanganlik holati tugallanmagandi. “Bukrini go`r tuzatadi”, deganlari shuda.
"ULARNING "OLDI-BERDI"SIDAN XABARIM YO`Q"
Sudlanuvchi Sherali Quvvatov sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan.
— Ancha yillardan buyon uyimda folbinlik qilaman. Yonimga har kuni ko`plab odamlar kelib, ishlari yurishmayotganini aytishadi, gohida sog`ligidan shikoyat qilishadi. 2017 yil sentyabrda notanish bo`lgan Shavkat Salimov kelib, ishlari yurishmayotganini aytdi. Haqqiga duo qilishimni so`radi, duo qildim. Oradan ancha vaqt o`tib, menga qo`ng`iroq qilib, tanishi Botirga ishga joylashtirishi uchun pul bergani, uni aldab, pullarini bermayotgani haqida aytdi. Shavkat uyimga kelganda “sherigingizga qo`ng`iroq qiling, pulni bersin”, dedi. Botirga qo`ng`iroq qilib: “Shavkatning ishi nima bo`ldi? Hal qilib bering”, dedim. Ammo ularning oldi-berdilaridan xabarim yo`q. Shu vaqtda xuddi shunga o`xshash holat Vobkentda yashovchi mijozim Fardis bilan ham sodir bo`lgandi. Uning ota-onasi ham kelib, Botirdan pullarini olib berishimni talab qilgan. Botirni 2000 yildan beri taniyman, o`sha vaqtdan beri haqqiga duo o`qitish uchun kelib ketardi. Botir bilan o`rtamizda qarz oldi-berdisi, kelishmovchilik, shaxsiy adovat yo`q. Oilaviy sharoitim va kasalmandligimni inobatga olib, qonuniy engillik berishingizni so`rayman.
Boborahim AChILOV, jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyat G`ijduvon tuman sudining sudyasi:
— A. Og`aev Jinoyat kodeksi 168-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. JKning 45-moddasi bilan 1 yil 6 oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sh. Quvvatov Jinoyat kodeksi 168-moddasi 2-qismining “b” bandi va 28, 211-moddalarining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. JKning 61-moddasi va 59-moddasining 8-qismiga asosan uzil-kesil 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
B. Eraliev 168-moddasi 3-qismining “b” bandi va 28, 211-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. JKning 61-moddasi va 59-moddasining 8-qismiga asosan uzil-kesil 3 yil 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Hukm qonuniy kuchga kirgach, sudlanuvchi B. Eraliev tomonidan Buxoro viloyat IIB depozit hisob raqamiga 2018 yil 5 sentyabrda topshirilgan 10.175.399 so`m pullarni pora predmeti sifatida davlat foydasiga o`tkazish belgilandi.
Jabrlanuvchi Sh. Salimovga jinoyat oqibatida etkazilgan moddiy va ma`naviy zararlarni undirish yuzasidan tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist






