Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli “Pachkamar” dala-o`quv maydonida navbatdagi amaliy mashg`ulotlar o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mashg`ulot avvalida harbiy xizmatchilar o`zlarining jismoniy tayyorgarligini yana bir bor sinovdan o`tkazish maqsadida maxsus to`siqli yo`lakdan o`tishdi. Turli-tuman to`siqlardan iborat yo`lakni mahorat bilan o`tgan harbiy xizmatchilar so`ng otish mashg`ulotiga yo`l oldi.
O`q otish mashg`ulotlarida alohida va guruh tarkibida amaliy mashqlarni bajarish chog`ida ishtirokchilarning egallagan tajriba va ko`nikmalari to`laqonli namoyon bo`ldi.
– Merganlarga qo`yilgan talab, eng avvalo, ko`zga tashlanmaslik, tovush chiqarmaslik, dushmanni istalgan masofa va holatda bexato nishonga olishdir. O`tkazilgan mashg`ulotlarda ham asosiy e`tibor harbiy xizmatchilarning jangovar ruhini yuksaltirishga qaratildi, – deydi “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi podpolkovnik Sherzod Madrahimov.
Mashg`ulotlar yakunida namuna bo`lganlar bo`linma komandirlari tomonidan e`tirof etildi.










