AsosiyJamiyat

O`zbekiston ilk bor Berlin xalqaro kinofestivalida o`z milliy paviloni bilan ishtirok etadi

'O`zbekiston ilk bor Berlin xalqaro kinofestivalida o`z milliy paviloni bilan ishtirok etadi'ning rasmi

O`zbekiston delegasiyasi 7-15 fevral kunlari bo`lib o`tadigan butunjahon kinosanoati vakillari uchun eng yirik tadbirlardan biri bo`lgan Evropa kinobozorida birinchi marta o`z taqdimotlari bilan ishtirok etishadi. Mazkur yirik kinematografiya biznesi maydonchasi “Berlinale”, ya`ni Berlin xalqaro kinofestivali doirasida tashkillashtiriladi.

O`zbekiston milliy kinokomissiyasi hamda Evropa kinobozori o`rtasida erishilgan kelishuvga ko`ra, bu yil kinomarketning yuzlab stendlari orasida O`zbekiston milliy paviloni ham bo`ladi. Unda mamlakatimizning tajribali va yosh kinomutaxassislaridan iborat delegasiya qatnashib, xorijiy kinokompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o`tkazishadi.

Delegatlar jahon kinosanoati vakillari bilan O`zbekiston ishtirokida qo`shma kinoloyihalar qilish (koprodakshn) hamda chet el kinokompaniyalarini yurtimizga filmlar suratga olish uchun taklif qilish yuzasidan hamkorlik aloqalarini o`rnatishni maqsad qilishgan.

Mutaxassislar kinoturizm yo`nalishini rivojlantirish mamlakatga sayyohlar oqimini ko`payishga yordam berishiga ishonmoqda.

Ushbu pavilonni tashkillashtirishda O`zbekiston yoshlar ittifoqi, “O`zbekkino” Milliy agentligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda O`zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi yaqindan ko`maklashdi.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston milliy kinokommissiyasi 2018 yilda O`zbekiston Prezidentining milliy kinoindustriyani rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq tashkil etilgan edi.

    Boshqa yangiliklar