AsosiyJamiyat

Samarqandda bir oyda 143 nafar noqonuniy yollangan ishchilar aniqlandi

'Samarqandda bir oyda 143 nafar noqonuniy yollangan ishchilar aniqlandi'ning rasmi

Joriy yilning o`tgan davrida Samarqand viloyati soliq boshqarmasi tomonidan jami 255 ta xronometraj tadbiri o`tkazildi. Buning natijasida tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan norasmiy ravishda 143 nafar ishchi yollangani aniqlandi.

Yanvar oyi mobaynida viloyat bo`yicha xufiyona iqtisodiyotning oldini olishga qaratilgan 147 ta nazorat tadbiri tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda hujjatsiz oziq-ovqat va nooziq-ovqat, alkogol, tamaki mahsulotlari, zargarlik buyumlari, disk bilan savdo qilish, yashirin sex faoliyatini yo`lga qo`yish holatlari aniqlandi.

Bugungi kunda davlat ro`yxatidan o`tib, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar 25427 nafarni tashkil etmoqda. Joriy yilning yanvar oyida amalga oshirilgan profilaktik suhbatlar natijasida 758 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat boshladi. Shuningdek, 1283 nafar tadbirkor faoliyatini qayta tiklaganini ta`kidlash mumkin. Yanvar oyida tadbirkorlar tomonidan 159 nafar yordamchi xodim ro`yxatdan o`tkazildi. Viloyat bo`yicha 414 nafar tadbirkor transportda yuk tashish xizmatlarini ko`rsatib kelmoqda. Ushbu yo`nalishda olib borilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida shu yilning o`tgan davrida 42 nafar tadbirkor davlat ro`yxatidan o`tkazildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan nazorat tadbirlari davomida faqat cho`ntagini o`ylagan “tadbirkorlar” faoliyatiga chek qo`yilmoqda. Fuqaro I.H Samarqand shahri, Alisher Navoiy ko`chasi, 54-uyda joylashgan do`konda noqonuniy ravishda bolalar o`yinchoqlari savdosi bilan shug`ullanishni boshlaganu, faoliyatini qonuniylashtirishni “unutib” qo`ygan. Tadbir davomida do`konda mavjud bo`lgan jami qiymati 60 million 612 ming so`mlik bolalar o`yinchoqlari daliliy ashyo sifatida olib qo`yildi.

Samarqand shahri, Sartepa maskanida joylashgan do`konda DVD va CD disklar savdosi bilan noqonuniy shug`ullanib, daromad olishni ustun qo`ygan “tadbirkor” J.X faoliyati uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish lozimligi go`yo yodidan ko`tarilgan.O`tkazilgan nazorat tadbirida J.X tomonidan yuritilgan noqonuniy faoliyatning misi chiqdi. Tadbir davomida do`kondagi mavjud bo`lgan umumiy qiymati 18 million 732 ming so`mlik 3122 dona DVD va CD disk daliliy ashyo sifatida olib qo`yildi.

Tayloq tumanida tug`ilgan fuqaro G.T.“Urgut savdo kompleks”ida 26 million 362 ming 400 so`mlik, Samarqand shahar, Ro`dakiy ko`chasida yashovchi fuqaro M.A. 21 million 754 ming 100 so`mlik har xil turdagi zargarlik buyumlari savdosi bilan shug`ullanayotgani aniqlangan.

Samarqand shahar, U.Jo`raqulov ko`chasi, 166-uyda doimiy yashash manzilida fuqaro F.F. davlat ro`yxatidan o`tmasdan “Akfa” ishlab chiqarish sex faoliyati bilan shug`ullanib kelgan. Savdoda mavjud bo`lgan 5 turdagi 29 million 522 ming so`mlik asbob-uskunalari daliliy ashyo sifatida savdodan olib qo`yildi.Xuddi shu manzilda, “Akfa” ishlab chiqarish sex faoliyati bilan shug`ullanib kelgan fuqaro Z.Yu.ning savdoda mavjud bo`lgan 8 turdagi 10 million 991 ming so`mlik, fuqaro I.X. ning 8 turdagi 14 million 780 ming so`mlik asbob-uskunalari daliliy ashyo sifatida savdodan olib qo`yildi.

Samarqand shahar, Oydin ko`chasida “uchar tadbirkor” S.X. hech qanday hujjatlarsiz bilyard o`yinlari faoliyati bilan shug`ullanib kelgan. U faoliyat yuritayotgan binodan 3 turdagi umumiy qiymati 131 million 500 ming so`mlik buyumlari daliliy ashyo sifatida olib qo`yildi. Samarqand shahar, Mulyon-2 mahallasida fuqaro Q.Z. ham bilyard o`yinlari tashkil qilib, mo`maygina daromadni ko`zlaganlardan chiqib qoldi. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan uning faoliyatiga chek qo`yilib, 15 turdagi 109 million 994 ming so`mlik mahsulotlari daliliy ashyo sifatida olib qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar