N.Botirov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) halol mehnat qilib, oilasiga naf keltirish o`rniga, mo`may daromad topish ilinjida jinoyatga qo`l urdi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyati Qo`qon shahar sudida mazkur jinoyat yuzasidan ochiq sud majlisi bo`lib o`tdi.
N.Botirov qirg`iz millatiga mansub “Abdubaqit” bilan qing`ir yo`llar orqali mo`may daromad topish maqsadida o`zaro oldindan jinoiy til biriktirib, Qirg`iziston Respublikasida erkin savdoda bo`lgan 12 000 dona kassetadagi “Tramadol 50 mg” dori vositalarini Qirg`iziston Respublikasi Bishkek shahridan sotib olib, O`zbekiston Respublikasiga olib o`tishadi.
N.Botirovning Qo`qon shahrida yashovchi hamtovoqlari A.Azizov, N.Odilov va J.Ro`ziev ushbu “zaharli” dorilarni Qo`qon shahrida sotish bilan shug`ullanishadi.
SVOJJDLQKD va DXX Qo`qon shahar bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda “olg`ir” jinoyatchilar noqonuniy harakatlarini fosh etuvchi ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Bundan tashqari, N.Botirov O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini buzishda ayblangan. Sud majlisi davomida sudlanuvchi va guvohlarning ko`rsatmalari tinglandi.
Ushbu shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jazo tayinlandi. Sud hukmiga ko`ra N.Botirovning 5 yil 3 oy umri endi panjara ortida o`tadi.
Elyorbek Hakimov,
Jinoyat ishlari bo`yicha
Qo`qon shahar sudining sudyasi






