2019 yilning 2 fevral kuni ba`zi bir ijtimoiy tarmoqlarda “Jasliq” mahkumi Iskandar Xudoyberganovning ahvoli og`irlashdi” sarlavhasi ostida xabar tarqatildi.
Unda Qoraqalpog`iston Respublikasida joylashgan 19-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o`tayotgan, 44 yoshli Iskandar Xudayberganovning amakisi oldiga milisiya xodimi kelib, uning ahvoli o`ta og`irligi, jiddiy kasallanganligi hamda zudlik bilan xabar olish lozimligini aytganligi haqida bayon qilingan.
O`zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bergan ma`lumotga ko`ra, 1974 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan mahkum Iskandar Erkinovich Xudayberganov, 2002 yil 28 noyabr kuni Toshkent shahar sudi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-moddasi 3-qismi, 156-moddasi 2-qismi, 159-moddasi 4-qismi, 161-moddasi, 242-moddasi 2-qismi, 247-moddasi 3-qismi, 248-moddasi 1-qismi o`lim jazosiga hukm qilingan va O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining ajrimiga asosan hukm o`zgartirilib, 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Shuningdek, ma`lumotda mahkum I.Xudayberganovning yaqin qarindoshlari oldiga O`zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasida yoki 19-son jazoni ijro etish koloniyasida xizmat qilayotgan xodimlardan birortasi bormaganligi hamda hozirgi kunda mahkum I.Xudayberganovning sog`ligi qoniqarli darajada bo`lib, stasionar yoki ambulator tartibda davolanishga muhtoj emasligi, u barcha mahkumlar qatori jazo muddatini o`tayotganligi bildirilgan.






