AsosiyJamiyat

Bishkek — Toshkent yo`nalishida yo`lovchi avtobuslar qatnovi yana tiklandi

'Bishkek — Toshkent yo`nalishida yo`lovchi avtobuslar qatnovi yana tiklandi'ning rasmi

1 fevral kuni kelishilgan va tasdiqlangan yangi jadvalga ko`ra, Bishkek — Toshkent yo`nalishida yo`lovchi avtobuslar qatnovi yana tiklangan. Bu haqda Qirg`iziston Respublikasi Transport va yo`l vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qirg`iziston Transport va yo`l vazirligi, Qozog`iston Infratuzilmalar va taraqqiyot vazirligi hamda O`zbekiston avtomobil transporti agentligi o`rtasida muzokaralar o`tkazilgan, tomonlar bu borada tegishli ishlarni olib borgan, yakunda yangi jadvalga kelishishgan.

Eslatib o`tamiz, 2019 yilning 24 yanvar kuni Qozog`iston orqali Bishkek — Toshkent avtobus qatnovi vaqtincha to`xtatilgandi. Qozog`iston Transport qo`mitasi qozoq tashuvchisini mazkur xalqaro yo`nalishda xizmat ko`rsatishga kiritishni talab qilgandi. Shundan so`ng tomonlar o`rtasida muzokaralar boshlangandi.

Ma`lumot uchun, Qirg`iziston va O`zbekiston 2018 yil may oyida Bishkekdan Toshkentga va teskari yo`nalishda avtobus qatnovini yo`lga qo`ygandi — bu ikki davlat hukumatlari o`rtasidagi muzokaralardan keyin yuz berdi.

Bu tranzit qatnov qo`shni Qozog`iston hududi orqali o`tadi.

Qayd etish kerakki, 2018 yilning 28 dekabrida ham Qozog`iston tomoni ushbu yo`nalishda avtobuslar qatnoviga o`zgartirishlar kiritishni so`ragandi.

O`zbekistondan reyslarni Mironshox Grand Trans, Qirg`izistondan esa «Trans Soyuz-Aziya» tashuvchisi amalga oshirmoqda.

Yo`nalish uzunligi 601 km bo`lib, avtobus to`rtta chegara postlaridan o`tadi: Qozog`iston va Qirg`iziston chegarasidagi «Chaldovar» hamda «Supatay Botir», shuningdek, Qozog`iston va O`zbekiston chegarasidagi «Jibek Joli» hamda «G`isht ko`prik».

    Boshqa yangiliklar