Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish va sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan:
- qarzni undirish imkoni bo`lmaganligi tufayli ijro hujjati qaytarilgan hollarda soliq organlari 30 kundan kechiktirmasdan qarzdorni bankrot deb topish to`g`risidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi;
- bankrotlik to`g`risidagi ish yuridik shaxsning qarzi 60 mln so`mdan oshganda (ilgari qarz 100 mlndan ko`p bo`lishi lozim edi), yakka tartibdagi tadbirkorning qarzi esa 4 mln so`mdan (ilgari 6 mln so`mdan ko`p) oshgan hollardagina qo`zg`atiladi;
- tugatishga doir ish yuritish muddati to`qqiz oydan oshmaydi (ilgari bu muddat bir yil bo`lgan);
- bankrot bo`lganlarning mol-mulki “E-IJRO AUKSION”da elektron onlayn-auksion orqali sotiladi.
2019 yil 1 maydan:
- sud boshqaruvchilarini soliq organlari xodimlaridan tayinlash amaliyoti bekor qilinadi;
- to`rtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega bo`lgan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlanadi;
- sud boshqaruvchilariga eng kam ish haqining yigirma baravari (4 mln 54 ming so`m) miqdorida haq to`lanadi;
- soliqlar va boshqa majburiy to`lovlar bo`yicha qarzdorlikni uzishda to`langan qarz summasining 5 foizi miqdorida sud boshqaruvchilariga qo`shimcha haq to`lanadi;
- sud boshqaruvchilarining faoliyati “fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish” ixtisoslashuvi bo`yicha lisenziyaga ega bo`lgan va sud boshqaruvchisi attestatini olgan advokatlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
2019 yil 1 apreldan sud boshqaruvchilari faoliyati maxsus reyting asosida baholanadi.
Izoh: sud boshqaruvchisi – bankrotlik taomillarini o`tkazish maqsadida iqtisodiy sud tomonidan tayinlanadigan shaxs.






