Fanlar Akademiyasi (FA) prezidenti Behzod Yo`ldoshev boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi 31 yanvar kuni Venada Atom energetikasi xalqaro agentligi (AEXA) bosh direktori Yukiya Amano bilan uchrashib, muzokaralar o`tkazdi. Bu haqda “O`zatom” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Behzod Yo`ldoshev O`zbekistonning tinch atomdan foydalanish, eng avvalo atom energetikasi, shuningdek tibbiyot va qator boshqa yo`nalishlar bo`yicha harakatlar bosqichlari haqida so`zladi.
O`tgan yilning oktyabrida O`zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi loyihasiga start berilgan vaqtdan e`tiboran “O`zatom” agentligi tomonidan bu yo`nalishda bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda. Yadroviy xavfsizlikni ta`minlash va boshqa yo`nalishlardagi ishlarning bari AEXA talab va tavsiyalariga muvofiq keladi.
AEXA bosh direktori radiasion va yadroviy xavfsizlikni ta`minlash va oshirishga doir hamkorlikdagi faoliyat, shuningdek texnik hamkorlik doirasidagi loyihalarni amalga oshirishdagi samaradorlikdan qoniqish hosil qilganini bayon qildi. O`zbekistonda AES qurilishi mamlakatda ta`lim tizimining takomillashuvi, yadroviy-muhandislik fanlari, qurilish sanoati va energetika tizimining rivojlanishi uchun mustahkam poydevor bo`lib xizmat qilishi ta`kidlandi.
Yukiya Amano AEXAning O`zbekistonga kelgusida ham texnik va ekspertlik ko`magini ko`rsatish, jumladan AES qurilishi jarayonida ham yordamga tayyor ekanini ta`kidladi.
Uchrashuv yakunlariga ko`ra, agentlik bosh direktoriga O`zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish taklifi bitilgan xat topshirildi.
Ta`kidlash joizki, bir necha kundan keyin Toshkent shahrida AEXA ekspertlari ishtirokidagi navbatdagi seminar bo`lib o`tishi kutilmoqda.






