Bojxonachilar umumiy narxi 290 mln. so`m bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlari, elektron sigaretlar va boshqa mollarning O`zbekistonga noqonuniy olib kirilishini to`xtatib qolishdi.
DBQ matbuot xizmatining xabar berishicha, “Keles” temir yo`l chegara bojxona posti xodimlari “Moskva-Andijon” yo`nalishida kirib kelgan poezd yo`lovchilarining qo`l yuklarini bojxona nazoratidan o`tkazish chog`ida fuqaro 70 qutida 14 ming dona elektron tamaki stiklari, 64 quti “Parranda grippiga qarshi emlash dori vositasi va 112 quti biologik aktiv qo`shimchalarni bojxona nazoratidan yashirib olib kelayotganligi ma`lum bo`lgan. Ushbu mollarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 60,1 million so`mni tashkil etgan.
Shuningdek, “Almata–Nukus” yo`nalishidagi halqaro qatnov poezdi yo`lovchilarining yuklari bojxona nazoratidan o`tkazilganida qo`shni davlat fuqarosi T.B. umumiy qiymati 50 million so`mlik 20 ming dona elektron sigaretlarni vagon pol qismi ostiga yashirib olib kelayotganligi fosh bo`lgan.
Bundan tashqari, fuqarolar P.K., D.T., A.T. va R.S.lar umumiy qiymati 100,7 million so`mlik 10 ming 800 dona “Orbit” saqichlari, 103,5 litr pivo spirtli ichimligi, salkam 45 turdagi xamirturush, xo`jalik qo`lqoplari, shampun, kir yuvish kukuni, ayollar soch buyog`i, kiyim-kechaklar, maishiy texnika va boshqalarni bojxona nazoratidan yashirib olib kelayotganligi ma`lum bo`lgan.
Mazkur poezdning yana ikki yo`lovchisi umumiy qiymati salkam 80 million so`mlik 24 turdagi bolalar bo`tqasi, xamirturush, saqichlar, kiyim-kechaklar va oyoq kiyimlar, idish-tovoqlar va boshqa tovarlarini olib kelayotganligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat bo`yicha tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






