AsosiyJamiyat

Elchixona o`zbekistonlik ayolga farzandini qaytarishda yordam berdi

'Elchixona o`zbekistonlik ayolga farzandini qaytarishda yordam berdi  'ning rasmi

Rossiya poytaxti Moskva shahrida vaqtincha istiqomat qilayotgan Zuhra Boboqulova ham o`zi bilmagan va xohlamagan holda farzandi — etti oylik Iskandarjondan ayrilishiga bir bahya qoldi. Ammo O`zbekistonning Rossiya Federasiyasidagi elchixonasi vakillari bunga yo`l qo`ymadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi tarqatgan xabarda ma`lum qilinadi.

Gap shundaki, 15 yanvar kuni Z. Boboqulova o`z farzandi bilan vaqtincha istiqomat qilayotgan kvartirani tekshirish chog`ida Moskva polisiyasi xodimlari chaqaloqning tug`ilganligini tasdiqlovchi hech qanday hujjati yo`qligini aniqlaydi. Bundan tashqari, vatandoshimizning yashash joyidan ro`yxatdan o`tish muddati tugagan bo`lib, oqibatda polisiya xodimlari unga 5000 rubl miqdorida jarima belgilaydi. Achinarlisi, tegishli hujjatlari bo`lmagani sababli Iskandarjon onasidan olib qo`yilib, u G. N. Speranskiy nomidagi Bolalar shahar klinik kasalxonasiga joylashtiriladi.

Zuhra Boboqulova tushkun kayfiyatda O`zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo`limiga yordam so`rab murojaat qiladi.

Olib borilgan amaliy ishlar natijasida vatandoshimiz farzandi tug`ilganda tug`uruqxonadan uning tavalludi haqidagi tibbiy ma`lumotnomasini olmagani ma`lum bo`ldi. Mazkur ma`lumotnomani rasmiylashtirish uchun fuqaro pasporti va uning rus tiliga tarjimasi zarur bo`lib, vatandoshimiz ushbu hujjatlarni taqdim eta olmagan ekan. Buning ustiga, bir oz vaqt o`tgach, chaqaloq tug`ilgan tug`uruq bo`limi butunlay yopilib, bu tegishli hujjatlar olishni yanada qiyinlashtirdi.

O`n kun mobaynida konsullik bo`limi xodimlari vasiylik-qarov organlari, kasalxona vakillari bilan bir necha marotaba uchrashdilar, arxivlardan hujjatlarni qidirdilar. Nihoyat, bir necha kun davom etgan uchrashuvlar va qidiruvlardan so`ng arxivdan Iskandarjonning tug`ilganligi haqidagi hujjatlari topildi. So`ngra chaqaloqqa tug`ilganligi haqidagi tibbiy ma`lumotnoma rasmiylashtirildi. Bu FHDYo organlarida Iskandarjon uchun tug`ilganlik haqida guvohnoma olish imkonini berdi.

Barcha hujjatlarni to`plab, elchixona xodimlari vasiylik-qarov organlari vakillari bilan yana bir marotaba uchrashib, kasalxona rahbariyati nomiga go`dakni qaytarish to`g`risida talabnoma rasmiylashtirilishiga erishdilar.

28 yanvar kuni konsullik bo`limi xodimlari Zuhra Boboqulova bilan G. N. Speranskiy nomidagi Bolalar shahar klinik kasalxonasiga bordilar. Barcha zarur hujjatlar taqdim etilganidan so`ng bola onasiga qaytarib berildi. Aks holda, u Mehribonlik uyiga topshirib yuborilar edi.

— Farzandimni boshqa ko`rmayman, deb qo`rqqandim, — dedi Zuhra Boboqulova “Dunyo” axborot agentligi muxbiri bilan suhbat chog`ida. — Ammo elchixonamiz sa`y-harakati bilan farzandimni qaytarib oldim. Diplomatlarimiz menga katta yordam ko`rsatdilar, barcha hujjatlarni topish va rasmiylashtirish, muammolarni hal qilishda ko`maklashdilar. Men o`zim yopilib ketgan tug`uruq bo`limidan hech qachon hujjatlarni ololmasdim. Konsullik bo`limi xodimlari bo`lmaganida, o`g`limni bolalar uyiga berib yuborishardi.

Diplomatlarning ma`lum qilishicha, Zuhra Boboqulova va uning farzandiga O`zbekistonga qaytish to`g`risida sertifikat rasmiylashtirildi. Ona-bola tez orada yurtiga, yaqinlari va qarindoshlari bag`riga qaytadi.

    Boshqa yangiliklar