Ushbu korxona faoliyati uch bosqichli loyiha asosida yo`lga qo`yiladi. Birinchi bosqich 2018 yil dekabrda ishga tushirilgan. Xitoy va Turkiyadan 100 dona tikuv dastgohi olib kelib o`rnatilgan. Etmishdan ziyod xotin-qiz ish bilan ta`minlangan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida 240 ish o`rniga mo`ljallangan jinsi mato to`qish yo`lga qo`yiladi. Uchinchi bosqichda ip-kalava yigiruv amaliyoti ishga tushadi. 2021 yilgacha korxona to`liq quvvat bilan ishlashi ko`zda tutilgan. Bu tumanda 800 ga yaqin ish o`rni yaratish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoyev korxona faoliyatini rivojlantirishga doir muhim ko`rsatmalar berdi. Xotin-qizlarni ish bilan ta`minlashga doimiy e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladi.
Shu erning o`zida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyiha taqdimoti bo`lib o`tdi. Xususan, mamlakatimizning Rossiya Federasiyasi, Fransiya va Belarus Respublikalaridagi elchixonalarimiz tomonidan viloyatga jalb qilingan investisiyalar taqdimoti, shuningdek, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Xitoy kabi davlatlardan kelgan investorlar o`z loyihalarini davlatimiz rahbari e`tiboriga havola qildi.
Taqdimotga ko`ra, rossiyalik investorlar yoritish uskunalari, avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish, qishloq xo`jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, fransiyalik ishbilarmonlar esa arxitektura oynalarini ishlab chiqarish, mevani qayta ishlashga qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Fransiyaga anor, qovun, qizilmiya ildizini eksport qilish rejalashtirilgan.












