Bugun O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Mehmet Sureyya Erni qabul qildi.
Ishonch yorlig`lari nusxalarini qabul qilar ekan, Abdulaziz Komilov elchini tayinlov bilan samimiy qutladi va faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Mehmet Sureyya Er qutlov uchun minnatdorchilik bildirdi va mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga munosib hissa qo`shish uchun bundan avvalgi faoliyati, jumladan, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) prezidenti o`rinbosari lavozimidagi barcha tajribasidan foydalanishini ta`kidladi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, muzokaralarda ko`p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`onni yurtimizga tashrifi va mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan bo`lib o`tgan samarali muzokaralari davlatlararo munosabatlarda yangi sahifa ochgani ta`kidlandi.
Ma`lumotlariga ko`ra, 2018 yilda ikki mamlakat o`rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 40 foizga o`sib, 2 milliard 172 million AQSh dollarini tashkil etgan. Xususan, 2018 yil natijalariga ko`ra, 75 mingga yaqin Turkiya fuqarolari yurtimizga tashrif buyurgan. Bu esa 2017 yilga nisbat ikki barobar ko`p demakdir.
Bu kabi ijobiy o`zgarishlar ikki davlat hamkorlik munosabatlarining qator sohalarida o`z ifodasini ko`rsatmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda 2019 yildagi qo`shma tadbirlar rejasi va kun tartibidagi mavzular yuzasidan muhokamalar bo`lib o`tdi. Qo`shma tadbirlar orasida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik bo`yicha Oliy kengashining birinchi majlisi asosiy tadbirlardan hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, 2019 yilda O`zbekiston – Turkiya siyosiy muloqotining asosiy voqeasiga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.






