O`zbekistonda sog`lom turmush tarzini keng targ`ib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 10 fevraldan barcha telekanallarda har kuni uch marta 3-5 daqiqali ommaviy badantarbiya mashg`ulotlari videoroliklarinamoyish etiladi.
Qaror bilan Aholining jismoniy tayyorgarligi va salomatligi darajasini belgilovchi “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini qabul qilish va musobaqalarini o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, “Alpomish” testlari erkaklar uchun, “Barchinoy” testlari ayollar uchun qo`llaniladi.
Maxsus testlar bo`yicha musobaqalarda 6 yosh va undan katta yoshdagi barcha fuqarolar ishtirok etishi mumkin.
Musobaqalar yugurish, arqonda sakrash, turnikda tortilish, uzunlikka sakrash va boshqa bir qator sport turlari bo`yicha o`tkaziladi.
Musobaqa g`oliblari “Alpomish” va “Barchinoy” ko`krak nishonlari hamda boshqa qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, qaror bilan O`zbekistonda sportning ommaviyligini yanada oshirish maqsadida milliy sport turlari va xalq o`yinlarini rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dastur doirasida har bir ta`lim muassasasida milliy sport turlari va xalq o`yinlari bilan shug`ullanish uchun sport to`garaklari tashkil etiladi.
Shuningdek, O`zbekiston milliy sport turlari bo`yicha kadrlar zaxirasi tayyorlanadi hamda sportchilar, trener va hakamlar tibbiy dispanser nazoratidan o`tkaziladi va har 6 oyda bir marta tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi.
“O`zbekistonning milliy sport turlari va xalq o`yinlari targ`ibotchisi” nominasiyasi ta`sis etiladi.
Sportning o`yin turlari bo`yicha “Ayollar sporti” va “Sog`lom oila” festivallari o`tkaziladi.






