Prezident Mirzacho`l tumanidagi O`zbek – qozoq milliy madaniyat markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mirzacho`lda yashayotgan qozoq millatiga mansub yurtdoshlarning urf-odat va an`analarini rivojlantirishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Xususan, bu erda Qozoq milliy teatri tashkil etilgan. Yaqinda teatr binosi rekonstruksiya qilinib, ko`rkam inshootga aylantirildi. Milliy cholg`uchilik, ashula, raqs, tasviriy san`at kabi to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yildi.

O`zbek – qozoq milliy madaniyat markazining tashkil etilishi xalqlar o`rtasidagi do`stlikning yana bir ifodasi bo`ldi. Markazda madaniy aloqalarni kuchaytirish, yoshlarni baynalmilal do`stlik ruhida tarbiyalashga alohida e`tibor qaratildi.
Prezident mazkur teatrning qayta tiklanishi va O`zbek-qozoq milliy madaniyat markazining tashkil etilishi ikki qardosh xalq hamjihatligida muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta`kidladi. Bu maskan hududdagi ijodiy, ma`rifiy tashkilotlarni, ziyolilarni, yoshlarni ezgu maqsad yo`lida birlashtirishi zarurligini qayd etdi.

O`zbek va qozoq xalqlari san`atidan namunalar ijro etildi.






