Investisiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident Farmoni hamda O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Farmon bilan investisiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yo`nalishlari belgilandi.
Tashqi savdo vazirligi va Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi negizida Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etildi.
Vazirlik huzurida quyidagilar tashkil etildi:
- Tarif va notarif tartibga solish kengashi;
- Xorijiy investisiyalarni jalb etish agentligi;
- Texnologik rivojlanish agentligi.
Vazirlik yagona davlat investisiya siyosatini amalga oshirish, xorijiy, birinchi navbatda, to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb qilishni muvofiqlashtirish, xalqaro moliya institutlari, tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va muvofiqlashtirish uchun mas`ul vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Qiymati 10 million AQSh dollaridan ortiq investisiyalarni jalb qilish sohasidagi kelishuvlar Vazirlik bilan oldindan kelishilishi shart.
2019 yil 1 martgacha “Investisiya portali”da investisiya loyihalarini amalga oshirish, investorlar murojaatlarini ko`rib chiqish natijalarining markazlashgan ma`lumotlar bazasi yaratiladi.
2019 yil 1 iyuldan investorlar bilan o`zaro aloqalar “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o`qitish respublika markazi qoshida tashqi savdo va eksport asoslari bo`yicha bepul kurslar tashkil etildi.
Hukumatning davlat rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish funksiyasi Moliya vazirligiga yuklandi hamda jamg`arma 2019 yil 1 fevraldan tugatiladi.
2019 yil 1 iyungacha O`zbekiston Respublikasining interaktiv investisiyaviy xaritasi ishlab chiqiladi.






