AsosiySiyosat

Arab nashri O`zbekistonning diniy sohadagi islohotlarini e`tirof etdi

'Arab nashri O`zbekistonning diniy sohadagi islohotlarini e`tirof etdi'ning rasmi

Kuvaytda chop etiladigan nufuzli nashr — “As-siyasa” gazetasi O`zbekistonda keyingi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maqola e`lon qildi, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.

Unda mamlakatimizda diniy bag`rikenglikni qo`llab-quvvatlash, islom ilm-fani va madaniyatining bebaho durdonalari bo`lmish boy ma`naviy merosimizni saqlash, o`rganish, insoniyatga ezgu g`oya hamda ta`limotlarini etkazishga katta e`tibor qaratilayotgani ta`kidlangan.

O`zbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2200 dan ziyod diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat ko`rsatayotgani, malakali diniy xodimlar tayyorlashga ustuvor vazifa sifatida qaralayotgani, ushbu maqsadda o`ndan ortiq diniy ta`lim muassasalari ish yuritayotgani mamlakatda ijtimoiy ­barqarorlikning muhim ­omili sifatida baholangan.

Ayni vaqtda O`zbekistonda islom dunyosining ma`lum va mashhur siymolari — Imom Buxoriy, Imom ­Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Muin Nasafiy, ­Bahouddin Naqshband kabi alloma va aziz-avliyolarning ilmiy merosini o`rganish, ular xoki mangu qo`nim topgan manzillarni obod etish bo`yicha olib bori­layotgan ishlar alohida ta`kid­langan.

“Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy maqbarasi ta`mirlandi. Uning yonginasida yangi masjid va kutubxona barpo qilindi. Bu erda hadis va boshqa islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qo`shgan musulmon ulamolarining ilmiy merosini chuqur o`rganish maqsadida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-­tadqiqot markazi tashkil etildi. Shu vaqtga qadar buyuk allomaning 14 nomdagi asari tarjima qilinib, o`zbek tilida nashr etildi”, deyiladi maqolada.

Gazetada yozilishicha, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil oktyabr oyida o`tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish g`oyasi ilgari surilgan edi. Bu tashabbus Imom Buxoriydek buyuk allomaning ilmiy merosini chuqur o`rganish, ­dunyoga tarannum etish, hadis ilmlari rivojiga hissa qo`shishni maqsad qiladi.

Shuningdek, “As-siyasa” ­gazetasi o`z sahifasida O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etilganini islom madaniyati va ilmiy merosini o`rganish yo`lidagi muhim qadamlar sifatida yoritgan.

Ta`kidlash kerakki, O`zbekistonda diniy ta`lim, ­tadqiqot yo`nalishlarida hayotga tatbiq etilayotgan tashabbuslar musulmon dunyosining qiziqishiga sabab bo`layotir. Binobarin, yurtimiz tarixan islom ilmlari, fan va ­madaniyat keng ­rivojlangan diyor bo`lib, hech shubhasiz, bugungi musulmon madaniyati taraqqiyotini ­allomalarimiz, ularning benazir ­ilmiy merosisiz tasavvur etib bo`lmaydi.

    Boshqa yangiliklar