Nukus shahrida “Biz jinoyatchilikka qarshimiz!” shiori ostida 6000 metr uzoqlikka yugurish aksiyasi o`tkazildi. Mazkur sport musobaqasi Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari xodimlari, maktab va kollej o`quvchilari, oliy ta`lim muassasalari talabalari hamda keksa yosh vakillaridan iborat jami 5000 nafar ziyod katta-yu kichikni qamrab oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Nukus shahar hokimligi, Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`mondonligi hamda vazirliklar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
“Finish” chizig`i oldida harbiylar san`takorlar tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qo`shiqlar va ko`rgazmali chiqishlar holdan toygan ishtirokchilarga kuch-g`ayrat bag`ishladi.

Yugurish marafoni g`olib va sovdirdonlariga qator vazirliklar va homiy tashkilotlar tomonidan medallar, diplom hamda qimmatbaho sovg`alar topshirildi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 dekabrdagi “Qoraqalpog`iston Respublikasida jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi samaradorligini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi F-5408-sonli Farmoyishi ijrosini samarali bajarish va yoshlar o`rtasida jinoyatchilikning oldini olish hamda sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish maqsadida Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda bir qator tadbirlar o`tkazilib kelinmoqda.






