Prezident Shavkat Mirziyoev topshirig`iga asosan Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegasiya 21-25 yanvar kunlari London (Buyuk Britaniya) Jahon ta`lim forumida ishtirok etdi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Jahon ta`lim forumida 100 dan ziyod davlatlarning ta`lim vazirlari va rasmiylari ishtirok etdi. Jahon forumida ta`lim sohasini rivojlantirish bo`yicha masalalarni qizg`in muhokama etdilar.
Qayd etilishicha, rivojlangan xorijiy mamlakatlar, shu jumladan, Buyuk Britaniya hukumati tomonidan mamlakatimizga bo`lgan e`tibor ijobiy tomonga o`zgarmoqda.
Misol sifatida, 100dan ziyod mamlakatlar ta`lim vazirliklari rahbarlari forumda ishtirok etishiga qaramasdan, Buyuk Britaniyaning Maktab standartlari bo`yicha davlat vaziri, mamlakat Parlamentining a`zosi Nik Gibb tomonidan O`zbekiston Respublikasi delegasiyasiga alohida e`tibor qaratilib, o`zaro uchrashuv hamda rasmiy kutib olish tadbirida xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov bilan O`zbekistondagi ta`lim sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil muhokama qilishga imkoniyat bo`ldi.
Uchrashuvda tomonlar ta`lim sifatini oshirish va mamlakatimizda ingliz tilini o`qitishni takomillashtirish bo`yicha masalalarni muhokama etdilar.
Nik Gibb O`zbekistonda ingliz tilini o`qitish metodikasini takomillashtirish va o`qituvchilarni malakasini oshirishda ko`mak berishga tayyorligini hamda bu borada Britaniya Kengashi bilan olib borilayotgan ishlarni to`liq quvvatlashini ta`kidladi.
Ikki davlat vazirlarining uchrashuvi yaqin tarixda ilk bor amalga oshirilgani ham e`tiborga molik va Buyuk Britaniyaning O`zbekistonda bo`layotgan islohotlarga qiziqishining ortishidan dalolatdir, deyiladi xabarda.
Shuningdek, forum doirasida Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov Buyuk Britaniyaning ta`lim bo`yicha davlat kotibi va parlament a`zosi Damian Xinds, sobiq ta`lim vaziri va Britaniya Kengashining ingliz tili bo`yicha bosh maslahatchisi Charlz Klark, Buyuk Britaniya xalqaro savdo vazirligi va Britaniya Kengashi vakillari bilan ham uchrashib, O`zbekistonda ingliz tilini o`rgatishni yanada takomillashtirish bo`yicha o`zaro hamkorlik muhimligini muhokama qilgan.
O`zbekiston delegasiyasi vakillari shu bilan birga Cambridge Assessment International Education, Bridge International Academies, Education First (Shvesiya) va boshqa tashkilotlar bilan uchrashuvlar o`tkazdilar.
Xorijiy kompaniya vakillari O`zbekiston bilan ingliz tilini o`qitish, ingliz tili o`qituvchilari bilimini tekshirish, dars jarayonini onlayn nazorat platformasini, mutaxassislarni ingliz tiliga onlayn o`qitish tizimini joriy etish hamda boshqa yo`nalishlarda hamkorlik qilish niyatini bildirdilar.
O`zbekiston delegasiyasi Britaniya Kengashining «Ta`lim siyosati bo`yicha muloqot: yoshlarimiz kelajakka qanday tayyorgarlik ko`ryapti» mavzusidagi dasturda ham qatnashdi.






