O`zbekiston Mudofaa vazirligi maxsus bo`linma harbiy xizmatchilari 11 yanvardan AQShning Kemp-Shelbi harbiy bazasi (Missisipi shtati)da bo`lib o`tayotgan “Janubiy zarba” hamkorlikdagi mashg`ulotlarda ishtirok etishyapti. Ular bugungi kunga qadar ikkita hamkorlikdagi mashqlarni o`tkazishdi.
O`zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Abdusalom Azizov boshchiligidagi harbiy delegasiya mazkur mashg`ulotlarning uchinchi – asosiy fazasini kuzatish uchun AQShga jo`nab ketdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Janubiy zarba” taktik mashg`ulotlari – Missisipi shtati Milliy gvardiyasi tomonidan Galfport shahrida joylashgan jangovar tayyorgarlik va birlashgan kuchlarning Kemp-Shelbi o`quv bazalarida o`tkaziladigan yirik o`quv-jangovar mashg`ulotlari hisoblanadi. O`quv mashg`ulotlari barcha qo`shin turlari hamda qo`riqlov bo`linmalari, zaxira kuchlari va doimiy qo`shinlar uchun amaliyotda jangovar shaylikni ushlab turish hamda AQSh va asosiy ittifoq qurolli kuchlari o`rtasidagi hamkorlik masalalarini ta`minlash kabi maqsadlarni o`z ichiga oladi.


Mazkur keng miqyosdagi mashg`ulotlarda Kanadi, Chili va Niderlandiya harbiylari ham qatnashmoqda.
AQShga rasmiy tashrif davomida O`zbekiston harbiy delegasiyasi Tampa shahridagi (Florida shtati) CENTCOM bosh qarorgohiga ham tashrif buyurib, uning rahbariyati bilan muzokaralar o`tkazishi rejalashtirilgan.

Eslatib o`tamiz, 2018 yil 12 may kuni O`zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Abdusalom Azizov Amerika Qo`shma Shtatlari CENTCOM qo`mondoni general Jozef Votella hamda 18 sentyabr kuni Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo`mondoni – shtat gubernatori o`rinbosari, general-mayor Jenson D. Boylz boshchiligidagi harbiy delegasiyalarni kutib olgan edi.






