O`zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi yangi tahrirdagi mehmonxona xizmatlarini ko`rsatish bo`yicha namunaviy qoidalar loyihasiga kiritilgan axloqsiz xatti-harakatlar to`g`risidagi band yuzasidan izoh berdi.
2019 yil 23 yanvar kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisining buyrug`i loyihasi muhokama uchun e`lon qilindi. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisining jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilingan buyrug`i loyihasida mehmonxonalarga mijozlarga axloqsiz xatti-harakatlarni sodir etishda asosli gumonlar bo`lgan taqdirda, mehmonxona xizmatlarini ko`rsatishni rad etish huquqini berishni ko`zda tutuvchi band ko`zda tutilgan.
Xabarda aytilishicha, hujjat loyihasi prezidentning 2019 yil 5 yanvardagi PQ-4095-son qarorining alohida bandlari, xususan “Qonunchilikka binoan mehmonxona xizmatlari yashash joyi (propiska), fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qat`iy nazar ko`rsatilishi lozimligi” to`g`risidagi bandning ijrosini to`g`ri talqin qilish hamda mehmonxona xizmatlarini taqdim etadigan tadbirkorlik sub`ektlariga metodik yordam ko`rsatish, shuningdek turizm sohasidagi tadbirkorlik sub`ektlarining fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda taqdim etildi.
“Shu bilan birga, alohida ta`kidlashni istardikki, Qo`mitaga tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan fuqarolarga mehmonxona xizmatlarini taqdim etishdan asossiz ravishda bosh tortgan qator holatlar haqida xabarlar berildi. Hujjat loyihasi O`zbekiston Respublikasi fuqarolik, ma`muriy va jinoiy kodekslari bilan tasdiqlangan qoidabuzarliklarni rad etish uchun asos bo`lishi mumkinligini ko`rsatdi. Biz ushbu bandning matni ustida yana ish olib borish talab etayotganini tushunamiz va shu sababdan hujjat loyihasi yuzasidan takliflarni to`plash uchun jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi”, - deyilgan xabarda.
Ta`kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda va maqolalarda berilgan fikrlarni faol muhokama qilish va ko`rib chiqilishi kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda aholining ijtimoiy faolligini oshirish bo`yicha olib borilayotgan islohotlarning borishini to`g`riligidan yana bir bor dalolat beradi.
Buyruq muhokamasi 2019 yil 7 fevraliga qadar davom etadi.






