Andijon viloti Andijon tuman Mudofaa ishlari bo`yicha doimiy chaqiruv komissiyasining katta shifokori Sanobar Latipova (ismlar-shariflar o`zgartirilgan) viloyat Mudofaa ishlari bo`yicha chaqiruv komissiyasining shifokori Ahmadjon Sobirov bilan hamkorlikda o`zaro til biriktirib, pora bilan qo`lga tushdi, deb xabar bermoqda "Xalq so`zi" nashri.
Kelishuvga binoan salomatligi sabab harbiy xizmatga noloyiq deb topilgan yigitlarga “yordam” berishmoqchi bo`lishdi. Buning uchun “soqqasini” cho`zsa bas.
Odamlar bilan muloqot qilishga usta bo`lib ketgan shifokor ayol zudlik bilan ishga kirishdi. Natijada ikki yigitning ota-onasi bilan bog`lanib, 300 AQSh dollari evaziga muammoni hal qilib berishi mumkinligini aytdi. Shu tariqa ikki nafar fuqarodan 600 AQSh dollarini undirdi. 300 dollarni o`z ehtiyoji uchun olib qo`ygan Sanobarxon Latipova pulning qolgan qismini shifokor Ahmadjon Sobirovga pora sifatida berayotgan paytida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo`lga olindilar.
- Afsusdaman, - deydi shifokor Ahmadjon Latipov. – Qilmishimdan pushaymonman. Bu hodisa takrorlanmaydi.
Shifokorning nafaqat, egnidagi xalati, balki ko`ngli ham oq bo`lishi kerak. Aks holda uning qadr-qimmati, sha`niga dog` tushadi, salbiy harakatlari tufayli boshqalar aziyat chekishda davom etaveradilar. Qolaversa, oq xalatga tushgan dog`ni yuvsa bo`ladi, biroq sha`nga tushgan dog` tamg`adek muhrlanib qoladi.






