Prezidentimizning o`tgan yil 18 dekabrda qabul qilingan “Yuqumli bo`lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida tibbiy-profilaktika sohasida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, aholi orasida sog`lom turmush tarzi, jismoniy faollik va to`g`ri ovqatlanish madaniyatini keng targ`ib etish borasida tizimli vazifalar belgilandi, deb xabar berdi Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Xususan, ushbu yo`nalishda 2019 – 2022 yillarda yuqumli bo`lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasi va chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Unga muvofiq, Sog`liqni saqlash vazirligi Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda shu yilning 25 yanvaridan 25 fevraligacha Toshkent shahrida “Sog`lom hayotga qadam tashla!” aksiyasi o`tkazilmoqda. Undan ko`zlangan maqsad aholining tibbiy bilimini oshirish, o`z sog`lig`iga bo`lgan e`tiborini kuchaytirish, to`g`ri ovqatlanish, jismoniy faollik hamda tamakidan voz kechish bo`yicha targ`ibot va tashviqot ishlarini olib borishdir. Bu haqda mazkur aqsiya oldidan Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib o`tildi.
Bir oy davomida o`tkazilishi rejalashtirilgan mazkur aksiya Toshkent shahrining Mirobod, Yashnabod, Yunusobod va Shayxantohur tumanlarining jamoat joylarida bo`lib o`tadi. Hududlardagi “Korzinka” supermarketlari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda – “Salomatlik maydonchalari”, hududlarda uyushmagan yoshlar bilan “Salomatlik darslari”, ta`lim muassasalarida “Tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz” aksiyalari, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish qoidalariga rioya qilish, tamaki mahsulotlari sotuvini rag`batlantirilishini oldini olish hamda ish va jamoat joylarida hamda jamoat transportlarida tamakisiz hudud yaratish bo`yicha ommaviy reydlar olib boriladi. Shuningdek, bu erda shifokorlar fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazib, joylardagi o`quv muassasalari va mahallalardagi yoshlarga tamaki chekishning zararli oqibatlari haqida ma`ruzalar qilishadi.
Shu o`rinda qayd etish joizki, yuqumsiz kasalliklar mamlakatimiz aholisi salomatligi ko`rsatkichiga ham o`z ta`sirini o`tkazmay qolmayapti. Ma`lumotlarga ko`ra, kamharakatlilik va noto`g`ri ovqatlanish oqibatida O`zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, odamlarimizning 46 foizida qon tarkibida me`yoridan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori. Yurtimizda dehqonchilik mahsulotlari mo`l-ko`l etishtirilsa-da, aholi kundalik ovqat rasionida meva-sabzavot iste`moli etarli emas. Ushbu muammolar tufayli O`zbekistonda yillik o`lim holatlarining 78 foizi aynan yuqumsiz kasalliklar ulushiga to`g`ri kelmoqda. Ko`rinib turibdiki, sog`lom turmush tarziga rioya etish har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etayapti.
Sog`ligingizga e`tiborli bo`lsangiz, aksiyada faol ishtirok eting.






