O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasining monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, tovar-xom ashyo birjalarini lisenziyalash borasidagi barcha huquqlari va majburiyatlari bo`yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Qo`mita o`z faoliyatida Bosh vazirga hamda alohida masalalar bo`yicha – bevosita Prezidentga bo`ysunadi.
2019 yil 1 iyuldan xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning birlashuvi va qo`shib olinishi bo`yicha bitimlar, shuningdek, aksiyalarni sotib olish bo`yicha bitimlarga rozilik berish uchun eng kam ish haqining o`n baravari miqdorida yig`im undiriladi.
Qaror bilan byudjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko`maklashish jamg`armasi tashkil etildi.
Qonun hujjatlarining raqobatga ta`sirini baholash metodikasi hamda 2019-2023 yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.
Qarorga muvofiq, iste`molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat organi sifatida Iste`molchilar huquqini himoya qilish agentligi tashkil etiladi.






