Samarqand shahar hokimi F.Rahimov tashrif bilan mamlakatimizda bo`lib turgan YuNESKO eksperti, Fransiya shaharsozlik instituti xalqaro aloqalar bo`yicha menejeri Erik Xoyberxts rahbarligidagi delegasiya a`zolari bilan uchrashuvda bu haqda alohida ta`kidladi, deb yozmoqda O`zA.
– Keyingi paytda Samarqand shahridagi qurilish ishlari jarayonida bu masala juda ko`p muhokama qilinmoqda, – deydi F.Rahimov. – Davlat rahbari, hukumat darajasida bunga e`tibor qaratilmoqda. Chunki Samarqand nafaqat O`zbekiston, balki dunyoning bebaho tarixiy-madaniy maskani, qadimiy sivilizasiya markazlaridan hisoblanadi. Bu erdagi har bir tarixiy bino, inshootni asrab-avaylash, shu bilan birga, shaharning zamonaviy turistik imkoniyatlarini kengaytirish, infratuzilmani rivojlantirish lozim. Ayni paytda ishlab chiqilayotgan bosh rejada bu jihatlarga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Uchrashuvda Erik Xoyberxts mamlakatimizda tarixiy obidalarni muhofaza qilish, shaharsozlik me`yorlari bo`yicha mavjud qonun-qoidalar, hukumat qarorlari bilan qiziqdi.
– Samarqanddagi tarixiy obidalar butun sayyora aholisi uchun ahamiyatga ega va biz ularni kelgusi avlodlarga bezavol etkazish bo`yicha hamkorlik qilishdan manfaatdormiz, – deydi u jumladan. – Safarimiz davomida bu boradagi me`yoriy hujjatlar, mavjud tarixiy ob`ektlarning 3D formatdagi suratlari, tarixiy hududdagi boshqa binolar bilan tanishyapmiz. O`z navbatida, shaharning bosh rejasini ishlab chiqayotgan mutaxassislar bilan fikrlashib, o`z taklif va tavsiyalarimizni bildirdik.






