Respublikaning barcha hududlaridagi umumiy o`rta ta`lim muassasalarining 10-11 sinflari o`quvchilariga kasbiy ta`lim berishga ixtisoslashgan o`quv-ishlab chiqarish majmualari faoliyati tekshirilmoqda.
«Darslar vaqtida tashkil etilgan, kasb hunarga yo`naltirish uchun barcha shart sharoitlar yaratilgan. Qog`ozda, hujjatlarda hammasi yaxshi. Ammo real holat aslida sal boshqacharoq», – deb xabar bermoqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi.
Davlat inspeksiyasi tomonidan o`rganishlar natijasiga ko`ra, Qashqadaryo viloyati Yakkabog` tumanidagi 58-umumta`lim maktabida dars jadvali bo`yicha tashkil etilgan o`quv ishlab chiqarish majmuasiga 80-umumta`lim maktabidan mashg`ulotlarga kelishi rejalashtirilgan jami 51 nafar o`quvchidan 43 nafari kelmagan.
«Tikuvchilik» kasbi bo`yicha davomat 57 foiz, «Qandolatchi» kasbi bo`yicha davomat 25 foizni tashkil etsa, «Maishiy xizmat» kasbi bo`yicha kasb o`rgatuvchining o`zi (usta R.M) ishga kelmaganligini guvohi bo`lishimiz mumkin. «Qandolatchi» kasbi bo`yicha mashg`ulotlar olib boruvchi usta M.J. xom ashyo materiallari yo`qligi sababli mashg`ulotlarni o`tkazmayotganligini ma`lum qildi.
«Tikuvchilik» kasbi bo`yicha usta M.N. o`tkazayotgan mashg`ulotlarda foydalanilayotgan 4 ta eski «Chayka-34» rusumli tikuv mashinkalaridan 1 tasi ishlaydi xolos. 58-umumta`lim maktabida tashkil etilgan o`quv ishlab chiqarish majmuasidagi «Tikuvchilik», «Qandolatchi», «Maishiy xizmat» kasblari bo`yicha birorta xona jihozlanmagan, mashg`ulot o`tkazuvchi ustalar (M.J., M.N., R.M.)ning «O`quv dasturi», «Taqvim mavzu rejasi» va boshqa talab qilingan o`quv me`yoriy hujjatlari talab darajasida shakllantirilmagan», – deyiladi inspeksiya xabarida.
Ma`lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Yakkabog` tumanida 2017-2018 o`quv yili mobaynida 10-sinf o`quvchilari tumandagi 10 ta kasb-hunar kollejlari va 10 ta umumta`lim maktablari bazasida tashkil etilgan o`quv-ishlab chiqarish majmuasida, 40 ta yo`nalishda o`zlari tanlagan kasblar bo`yicha o`quv-ishlab chiqarish majmuasi mashg`ulotlariga jalb etilishi nazarda tutilgan.
10-sinflarning 2640 nafar o`quvchilari o`quv-ishlab chiqarish majmuasida o`zlari tanlagan kasblari bo`yicha o`quv yili yakunida kasbiy bilimlarini mustahkamlash uchun o`quv rejadagi 36 soatlik o`quv amaliyotini o`tab, kasb yo`nalishlari bo`yicha yakuniy davlat attestasiyasi topshirishi belgilangan.
«Yakkabog` oziq-ovqat sanoati va xizmat ko`rsatish kasb-hunar kollejida 2 ta kasb bo`yicha (kompyuter operatori va hisobchi) o`quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan bo`lib, tumandagi 100, 77-sonli maktablar va 14-DIMIning jami 192 nafar 10-11-sinf o`quvchilari qamrab olingan. Mazkur ta`lim muassasasida tashkil etilgan kasbiy ta`limda dars jadvali bo`yicha 100-sonli umumiy o`rta ta`lim muassasasi o`quvchilari «Kompyuter operatori» kasbi bo`yicha majmuada o`qitilishi belgilangan bo`lsada birorta ham o`quvchi kelmaganligi, hatto mashg`ulot olib boradigan o`qituvchi A.N.ning o`zi ishga kelmaganligi va sinfxona eshigiga qulf osib qo`yilganligi ma`lum bo`ldi.
Yakkabog` qishloq xo`jalik kasb-hunar kollejida 5 ta kasb bo`yicha («Kompyuter operatori», «Shina montaj», «Tikuvchilik», «Qandolatchilik», «Hisobchi») o`quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan bo`lib, tumandagi 75,83,2,21,14-sonli maktablarning jami 583 nafar 10-11-sinf o`quvchilari qamrab olingan. Mazkur ta`lim muassasasi dars jadvalida 21-sonli umumiy o`rta ta`lim muassasasi o`quvchilariga majmuada o`qitilishi belgilangan o`quvchilar 2 soat o`qitilib uyga javob berib yuborilgan, shuningdek mashg`ulot olib boradigan o`qituvchilar B.O. va R.M.larning taqvim mavzular rejalari tasdiqlanmagan», – deya ta`kidlanadi xabarda.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 22-umumta`lim maktabida «Polizchilik» kasbi bo`yicha mashg`ulot olib boriladigan xona kasbga mos jihozlanmagan, mashg`ulotlar «Informatika» o`quv xonasida olib borilayotgani aniqlangan. Mashg`ulot olib boruvchi ustalar «O`quv-ishlab chiqarish majmualarini jihozlash uchun talab etiladigan asbob-uskunalar va jihozlar ro`yxati»ni bilmasligi, amaldagi qarordan mutlaqo bexabarligi aytilmoqda.






