Adliya vazirligi tomonidan O`zbekiston Ekologik partiyasi davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
«Partiya ixtiyoriy ravishda umumiy qarashlar, qiziqish va maqsadlarga ega, mamlakatimiz barqaror taraqqiyoti va ekologik xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan sa`y-harakatlarni birlashtirishga intilayotgan, atrof-muhit va fuqarolar salomatligi muhofazasi, tabiiy resurslardan unumli foydalanish va ularni asrash bilan bog`liq faoliyatda mas`uliyat bilan ishtirok etayotgan mamlakatimiz fuqarolarini birlashtiradi» deyiladi xabarda.
Shunga ko`ra, xalqaro tajribada «yashillar partiyasi» deb nomlanuvchi ekologik yo`nalishdagi O`zbekiston Respublikasidagi siyosiy kuch birinchi marotaba rasman partiya maqomiga ega bo`ldi.
Shu munosabat bilan, Adliya vazirligida vazir o`rinbosari Akbar Toshqulov ishtirokida O`zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo`mitasi raisi Boriy Alixanov va partiya faollari bilan uchrashuv o`tkazildi.
Uchrashuvda partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo`mitasi raisiga partiya davlat ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnoma taqdim qilindi.
Ma`lumot uchun: dunyoda ekologiya yo`nalishidagi qariyb 100 ta siyosiy partiya faoliyat yuritadi. «Yashillar» vakolatli organlardan o`z o`rniga ega bo`lib, parlament orqali ekologiya sohasidagi davlat siyosati g`oyalarini ilgari suradi.






