O`zbekiston matbuot va axborot agentligi hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan hamkorlikda Ko`zi ojizlar bosmaxonasida Xitoy Xalq Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi mutasaddilari bilan 23 yanvar kuni uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatlar uchun darsliklar chop etish jarayoni, matbaa korxonasining moddiy texnik bazasi, mavjud sharoiti mehmonlarga tanishtirildi.

Muloqot mobaynida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ko`zi ojizlarni darsliklar, o`quv qo`llanmalar, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan ta`minlash borasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan sheriklikda bir qator loyihalarni amalga oshirish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Elchi yordamchisi Chjan Venchuan yaqin kunlarda elchixona ushbu matbaa korxonasiga moddiy-texnik jihatdan yordam berish masalasi batafsil ko`rib chiqilishi, bu masalaga alohida e`tibor qaratilishini bildirdi.

Ma`lumot uchun: hozirda O`zbekistonda ko`zi ojizlar uchun 12 ta maktab faoliyat yuritadi, unda 3 mingdan ortiq nogironligi bor o`quvchi ta`lim oladi. Mavjud matbaa korxonasi esa ularni darslik bilan to`liq ta`minlashga qodir emas.






