Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Yaylovlar to`g`risida»gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma.
Uning asosiy maqsadi – yaylovlardan samarali foydalanish uchun shart-sharoit yaratish.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusiga ko`ra Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan birgalikda ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasi birinchi o`qishda qabul qilindi, hozir parlament quyi palatasining fraksiyalari va qo`mitalarida faol muhokama qilinmoqda.
Yaylovlardan foydalanish bo`yicha samarali huquqiy mexanizm yaratilmagani, mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilinmagani, davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari aniq belgilanmagani, ilmiy-tadqiqot va innovasion ishlanmalar joriy etilmagani, suv ta`minoti inshootlari eskirgani natijasida yaylovlarning holati yildan-yilga yomonlashib bormoqda.
Keyingi 35–40 yil davomida ko`chma chorvachilikda yaylovlardan me`yordan ortiq foydalanish, mollarni yaylovlarda ortiqcha boqish hamda boshqa antropogen ta`sirlar natijasida chorva ozuqasi hajmi kamayib, yaylov erlari inqirozga yuz tutmoqda. Hozirgi kunga kelib yaylov maydonlaridan 16,4 mln gektari (78%i) inqirozga uchragan, 20%dan ortiq maydondagi yaylov va pichanzorda o`simliklar soni hamda turlari kamayib, mahsuldorlik 2 barobarga qisqargan. Agar o`tgan asrning 90-yillarida yaylovlarda 247 turdagi o`simlik uchragan bo`lsa, hozir atigi 42 turi qolgan. Boshqalari xo`jasizlarcha foydalanish va payhon qilish natijasida yo`qolgan.
Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda yaylovlardan oqilona foydalanishni huquqiy tartibga solish masalalari maxsus qonunlar bilan belgilab qo`yilgan. Qo`shni davlatlar (Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston) huquqni qo`llash amaliyotini o`rganish yaylovlardan foydalanishda yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklarning oldini olish imkonini beradi.
Ko`rib chiqilayotgan qonun loyihasining farqli jihati – uning to`g`ridan-to`g`ri amal qilishida, ya`ni normalar qo`shimcha qonunosti hujjatlar qabul qilinishini talab etmaydigan imperativ shaklda bayon etilgan.






