Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi fuqarolardan yashash joyidan ma`lumotnomalarni taqdim etishni talab qilishga va ularni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yuborishga yo`l qo`yilmasligi haqida eslatadi.
2018 yil 15 oktyabrdan davlat xizmatlari ko`rsatilishida fuqarolar davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, shuningdek hokimliklarga tavsifnoma va quyidagi ma`lumotnomalarni taqdim etishga majbur emaslar:
- yashash joyi bo`yicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi haqida;
- ishsizligi haqida;
- bolani, yolg`iz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligi haqida.
Ko`rsatilgan ma`lumotlarni olish zaruriyati tug`ilganda davlat organlari ularni IIV, Mehnat vazirligi organlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik orqali so`rab olishi lozim.
Ammo, bugungi kunda mahallalar va davlat xizmatlarini ko`rsatishda ishtirok etuvchi boshqa muassasalar (hokimliklar, IIB, pensiya bo`limlari, tuman soliq inspeksiyalari, ta`lim muassasalari, banklar va b.) qonunchilik talablarini noto`g`ri talqin etib, fuqarolarni yuqorida ko`rsatilgan hujjatlarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yuborish holatlari juda ko`p kuzatilmoqda. Bu esa o`z navbatida fuqarolarning ovoragarchiligi va noroziligiga, shu bilan birga davlat organlariga nisbatan salbiy qarashiga sabab bo`lmoqda.
Shu bois, Agentlik Davlat xizmatlari markazlari tomonidan «mahalladan ma`lumotnoma» berilmasligini rasman e`lon qiladi. Ular orqali avvallari Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan manzil-ma`lumot axborotlari beriladi. Mazkur hujjat fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan berilgan ma`lumotnomadan tubdan farqlanadi.
Yashash joyidan ma`lumotnomani taqdim etish talab qilingan fuqarolar quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qilishlari mumkin:
- Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi – 1148;
- Adliya vazirligi – 1008.






