AsosiySport

O`zbekiston Olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy tayinlandi

'O`zbekiston Olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy tayinlandi'ning rasmi

Futbol bo`yicha O`zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun serbiyalik mutaxassis Lyubinko Drulovich bilan olib borilgan muzokaralar ijobiy yakunlandi.

Bugun Milliy Olimpiya qo`mitasida Drulovich bilan rasman shartnoma imzolandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda O`zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov, murabbiy Lyubinko Drulovich va uning yordamchilari hamda O`FA mutasaddilari ishtirok etishdi.

Ma`lum bo`lishicha, serbiyalik mutaxassisga murabbiylar shtabida hamyurtimiz Ravshan Haydarov yordam beradi. Bu bejiz emas, negaki Ravshan Akmalovich mamlakat olimpiya terma jamoasi a`zolari imkoniyatlarini juda yaxshi biladi. Drulovich oldiga olimpiyachilarimizni Tokio-2020 olimpiadasiga olib chiqish vazifasi qo`yildi.

Serbiyalik murabbiy O`FA rahbariyatiga bildirilgan yuksak ishonch uchun minnatdorlik bildirib, zimmasiga yuklanayotgan vazifani bajarish uchun astoydil intilishini ta`kidlab o`tdi. Shundan so`ng tomonlar rasman shartnoma imzolashdi. Marosim yakunida esa Drulovichga esdalik libosi taqdim etildi.

Lyubinko Drulovich bilan kelishuv Tokio-2020 olimpiadasiga qadar amal qiladi.

Ma`lumot uchun:

Lyubinko Drulovich – 1968 yil 11 sentyabrda tug`ilgan

Fuqaroligi: Serbiya

Murabbiylik darajasi: UEFA “PRO” diplomi egasi (2007 yil)

Eng katta yutug`i: Serbiya U-19 terma jamoasi bilan Evropa chempionatida g`alaba qozongan

Murabbiy sifatida erishgan yutuqlari:

Angola Superkubogi G`olibi – “Agosto” FK 2010-2011

Evropa U-19 Chempionati g`olibi – Serbiya 2013

“Partizan” FK bilan Evropa ligasi ishtirokchisi – 2015-2016

Shaxsiy yutuqlari:

Serbiyada yilning eng yaxshi murabbiyi – 2013 yil.

    Boshqa yangiliklar