Mudofaa vaziri o`rinbosari Nukusda yangi tashkil etilgan kurs tinglovchilari bilan suhbatlashdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 22 yanvar kuni O`zbekiston mudofaa vazirining o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov Shimoli-g`arbiy harbiy okrugga qarashli harbiy qism bazasida yangi tashkil etilgan jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi kurs tinglovchilari bilan suhbat o`tkazdi.
Tinglovchilar qisqa muddatda kasbiy tayyorgarlik va vatanparvarlik bo`yicha etarli ko`nikma va bilimga ega bo`layotganliklarini namoyon etishdi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Prezidentining “Qoraqalpog`iston Respublikasida jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi samaradorligini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoyishi ijrosini ta`minlash maqsadida Qoraqalpog`iston ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya hududiy bo`linmalarini qayta tayyorlashga ixtisoslashtirilgan Mudofaa vazirligi harbiy qismlarining birida o`quv-amaliy kurslari tashkil etilgandi. Ayni vaqtda u erda yuzga yaqin jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi xodimlar tahsil olmoqda.
Mashg`ulotlarda o`rnak ko`rsatgan tinglovchilarga mudofaa vaziri o`rinbosari nomidan minnatdorchilik e`lon qilindi.
Shu kunning o`zida Nukus shahri Yoshlar markazida shahar va tumanlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, shuningdek, yoshlarni ma`naviy-ma`rifiy hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga bag`ishlangan anjuman bo`lib o`tdi.

Unda Mudofaa vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i kengesi, Milliy gvardiya, Qoraqalpog`iston Ichki ishlar vazirligi, respublika Yoshlar ittifoqi va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, ixtisoslashtirilgan o`quv-amaliy kurslari tinglovchilari ishtirok etdi.
Unda Farmoyish asosida ishlab chiqilgan yo`l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Nukus shahri va tumanlarda amalga oshirilgan ishlar natijasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari keskin kamaygani qayd etildi.






