Andijon viloyati Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 2019 yil 19 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilingan tabib X.I.ning faoliyatini o`rganish harakatlari olib borildi, deb xabar qilmoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Fuqaro X.I. Shahrixon shahar “Navro`z” MFY, Hurriyat ko`chasida tabiblik faoliyati bilan shug`ullanib kelgan.
Uning xonadoniga kuniga 300-400 nafar fuqarolar, asosan Shahrixon tumani, qo`shni tuman-shaharlar, viloyatlar va hatto qo`shni Respublikalarda yashovchi fuqarolar kelib ketgan. Tashrif buyurayotgan fuqarolarning aksariyatini yurak-qon tomir, endokrin tizimi va boshqa og`ir kasalliklar bo`yicha murojaat qilayotganlar tashkil qilgan.
Xalq tabobati sohasidagi qonunchilikda belgilangan talablar, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko`rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomi va ular tomonidan ko`rsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarlik belgilangani to`g`risida Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 28.11.2018 yilda X.I.ga tushuntirish berish bilan birga, lisenziya olinishi shart bo`lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug`ullangan taqdirida javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirilgan.
Lekin, X.I. ogohlantirilishiga qaramasdan o`zining noqonuniy faoliyatini davom ettirib kelganligi bois, Shahrixon tuman Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan unga nisbatan 13.12.2018 yilda O`zbekiston Respublikasi MJtKning 165-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi to`g`risida ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to`plangan hujjatlar Shahrixon tuman ma`muriy sudiga yuborilgan.
Shahrixon tuman ma`muriy sudining 24.12.2018 yildagi qaroriga ko`ra, X.I.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 5 barobari, ya`ni 1 013 650 so`m jarima jazosi tayinlagan.
Keyingi tekshiruv davomida X.I hozirgacha tabiblik faoliyati uchun lisenziya olmaganligi aniqlangan bo`lib, Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan X.I. kelgusida lisenziya olinishi shart bo`lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug`ullangan taqdirida jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida rasmiy ogohlantirilib, Shahrixon tuman IIB va Shahrixon tuman DSI tomonidan ko`rilgan tashkiliy chora-tadbirlar natijasida X.I.ning noqonuniy faoliyati tugatildi.






