O`zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov Osiyo kubogidagi ishtirok va kelgusi faoliyati haqida o`z fikrlarini bildirib o`tdi.
"Osiyo kubogida chiroyli o`yin namoyish qilib, muxlislarni xursand qilmoqchi edik. Asosiy maqsadimiz bosh sovrinni yurtimizga olib kelish edi. Afsuski, bu natijaga erisha olmadik. Lekin yomon o`ynamadik, deb hisoblayman. Yaponiya, Avstraliya kabi terma jamoalarga munosib qarshilik ko`rsatdik. Muxlislarga ham o`yinimiz yoqdi, deb o`ylayman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ko`plab ijobiy fikrlarni qabul qilyapmiz. Bizni musobaqa davomida qo`llab-quvvatlab turgan barchaga minnatdorchilik bildiramiz. Endilikda Jahon chempionati saralashida ijobiy natija qayd etib, xalqimizning azaliy orzusini amalga oshirishga intilmoqchimiz. Umid qilaman, buning uddasidan chiqa olamiz.
O`zimning kelgusi faoliyatimga keladigan bo`lsak, “Paxtakor” bilan shartnomam yakuniga etgan. Endilikda faoliyatimni xorijda davom ettirmoqchiman. Hozirda bir-ikkita klublardan takliflar bor. Eng katta orzuim – Evropa klublarida to`p surish. Evropada futbolchi yanada o`sish imkoniga ega bo`ladi. To`g`ri, arab klublari moliyaviy tarafdan yaxshi taklif berishadi. Lekin men arab klublariga o`tmoqchi emasman. Mening eng katta tanqidchim – akam. Doimo mening o`yinlarimni kuzatib, kamchiliklarimni aytib turadi. Hech qachon meni o`zimga maqtamagan. Akam ham faoliyatimni Evropada davom ettirishim tarafdori. Garchi Evropa klublari taklifi moliyaviy jihatdan kamtarroq bo`lsa-da, men Evropaga ketmoqchiman. Evropada to`p surib, milliy terma jamoamizning Jahon chempionati yo`llanmasini qo`lga kiritishiga yordam bermoqchiman", - dedi Masharipov.






