AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder bilan uchrashdi

'Shavkat Mirziyoev Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder bilan uchrashdi'ning rasmi

Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo`lib turibdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifning ikkinchi kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Myunxen shahrida Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari faxriy mehmonlar kitobiga imzo qo`ydi.

Germaniyaning janubi-sharqida joylashgan hamda 70,5 ming kvadrat kilometr maydonni egallagan Bavariyada 12,9 million aholi yashaydi. Ushbu o`lka federativ respublikaning maydon bo`yicha eng yirik va aholi soni bo`yicha ikkinchi sub`ektidir.

Bugungi kunda Bavariya mamlakatning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Bavariyaning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 600 milliard evroga yaqin bo`lib, bu Evropa Ittifoqiga a`zo davlatlardan aksariyatining ko`rsatkichlaridan yuqori. Germaniyada ishlab chiqarilayotgan avia va aerokosmik texnikaning qariyb yarmi, to`qimachilik mahsulotlarining 43 foizi, elektronika tovarlarining 27 foizi, mashinasozlikning 18 foizi, metallurgiya mahsulotlarining 12 foizi ushbu federal o`lka hissasiga to`g`ri keladi.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoev Markus Zyoderni Germaniya Xristan-sosial ittifoqi raisi etib saylangani bilan tabriklab, uning ushbu yuksak martabadagi faoliyati ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko`maklashishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari bo`yicha ham fikr almashildi.

Prezidentimiz Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar davomida o`zaro anglashuvga erishilgani va hamkorlik loyihalari qo`llab-quvvatlanganini ta`kidladi.

Germaniya bilan munosabatlar an`anaviy ravishda ilg`or va ko`p tarmoqli xususiyatga ega bo`lib, hamkorlik sohalarining keng ko`lamini qamrab oladi. Xususan, ikki davlat o`rtasida salmoqli shartnoma-huquqiy baza shakllantirilgan.

Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder Prezident Shavkat Mirziyoevni Myunxenda ko`rib turganidan mamnun ekanini bildirib, Germaniya bilan O`zbekiston o`rtasida imzolangan hujjatlar ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilishi, savdo-iqtisodiy sohadagi samarali va o`zaro manfaatli hamkorlik o`zaro munosabatlarning eng muhim ustuvor yo`nalishlaridan biri bo`lishini qayd etdi.

Mamlakatimizning Bavariya bilan munosabatlari uzoq tarixga egaligi qayd etildi. Tarixchi Shilterbergning Amir Temur huzurida bo`lgani to`g`risidagi yozma xotiralari xalqlarimiz o`rtasidagi tarixiy aloqalar tilga olingan ilk hujjatli manbalardan biridir.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, O`zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida ilg`or nemis texnologiyalarini yanada keng joriy etishdan manfaatdor ekanligini ta`kidladilar.

Madaniy-gumanitar aloqalar, oliy ta`lim, sog`liqni saqlash va sport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari bilan O`zbekistonda yuqori texnologiyali korxonalar ochish, transport-logistika va turizm infratuzilmasini modernizasiya qilish, savdo-sotiq va qo`shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo`yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder Prezident Shavkat Mirziyoevga Germaniya ishbilarmon doiralarining O`zbekistondagi loyihalari va takliflariga ko`rsatilayotgan har tomonlama ko`mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O`zbekiston bilan keng ko`lamli va o`zaro manfaatli biznes sheriklikdan g`oyat manfaatdor ekanini qayd etdi.

Prezidentimiz Bavariya Bosh vaziriga Germaniya muzeylarida saqlanayotgan O`zbekiston tarixiy yodgorliklari haqidagi kitob-albomni sovg`a qildi.

    Boshqa yangiliklar