Namanganda, barcha fohishaxonalar, kompyuter o`yinxonalari va spirtli ichimliklar sotish do`konlari yo`laklariga kuzatuv kameralari o`rnatilmoqda, deb xabar qildi viloyat hokimiyati matbuot xizmati, o`zining telegram kanalida.
“Namangan shahrida jinoyatchilikni oldini olish maqsadida Mikrorayon hududidagi barcha fohishalik bilan shug`ullanib ro`yxatga tushgan xonadonlarni kirish yo`laklariga, ko`ngilochar maskanlarga, kompyuter o`yinxonalariga, spirtlik ichimliklar sotish do`konlariga hamda hududlar markazlariga kuzatuv kameralari o`rnatilmoqda”, - deyilgan xabarda.

Ushbu kuzatuv kameralari Ichki ishlar bo`limlariga ulangan bo`lib, IIB bazasi xotirasida bir oy saqlanadi hamda tunu-kun nazoratga olinadi.
Namangan viloyati hokimiyati fuqarolarni birgalikda Namangan shahrida jinoyatchilikni oldini olish uchun kurashga taklif qilmoqda.

Eslatib o`tamiz, bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida bir necha kishi 2 nafar o`smirni behush holga tushib qolguniga qadar shafqatsiz kaltaklagani videosi tarqalgan edi.






