O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 yanvar kuni Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan muzokara o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Germaniyaga taklif va O`zbekiston delegasiyasiga ko`rsatilayotgan hurmat-e`tibor uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekiston Germaniyaga vaqt davomida sinalgan ishonchli sherik deb qarashini ta`kidladi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik asosiy masalalar bo`yicha pozisiyalar o`xshash va yaqinligi namoyon bo`ldi. Samarali muloqotni ikki va ko`p tomonlama shaklda, jumladan, nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida izchil davom ettirishga intilish mushtarak ekani tasdiqlandi.
Germaniya kansleri O`zbekiston Prezidenti rahbarligida iqtisodiyotni modernizasiya qilish va jamiyatni yanada demokratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. O`zbekistonning Markaziy Osiyoda do`stlik va o`zaro ishonch muhitini yaratish, ko`p yillik bahsli masalalarni tinchlik yo`li bilan hal etish va mintaqani global iqtisodiyotga integrasiya qilish bo`yicha yangi mintaqaviy siyosatini olqishladi.
Tomonlar inson huquqlarini himoya qilish, atrof muhitni muhofaza etish masalalarini ham ko`rib chiqdi. Davlatimiz rahbari Germaniya hukumatiga Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishdagi ko`magi uchun minnatdorlik bildirib, Berlinni Orolbo`yi uchun ko`p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Muloqotda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalasiga, jumladan, Afg`oniston muammosini hisobga olgan holda e`tibor qaratildi. Bu masalani barcha tomonlar ishtirokida, afg`onlar rahbarligida tinch yo`l bilan hal etish zarurligi alohida qayd etildi.
Uchrashuvda asosiy e`tibor savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi. O`tgan yili ikki mamlakat o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 700 million evrodan oshgani qayd etilib, bu ko`rsatkichni 1 milliard evroga etkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi ta`kidlandi.
O`zbekistonda germaniyalik investorlar ishtirokida 132 ta firma va kompaniya faoliyat yuritmoqda. Shundan 33 tasi yuz foiz nemis kapitali asosida tuzilgan, 31 tasi yurtimizda o`z vakolatxonalarini ochgan. O`zbekiston milliy banki Germaniyaning 57 ta banki bilan aloqa o`rnatgan. Toshkentda “Doyche-bank” bo`limi tashkil etilgan.
Tashrif doirasida kimyo, qurilish, energetika, metallurgiya va oziq-ovqat sohalari etakchilari – «Simens», «Tissen Grupp», «Klaas», «MAN», «Knauf», «Linde», «Pappenburg», «Xumana», «Folksvagen» kabi xalqaro miqyosdagi nemis konsernlari bilan sheriklikda yangi ko`p milliardli loyihalarni amalga oshirish bo`yicha kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ilm-fan, ta`lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, madaniy aloqalar va turistlar almashinuvini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
O`zbekistonda 8 mingdan ziyod nemis millatiga mansub fuqarolar yashamoqda. Madaniyati va an`analarini saqlab, rivojlantirishi uchun ularga barcha sharoitlar yaratilgan.
400 mingdan ortiq o`quvchilar nemis tilini o`rganmoqda. Yaqinda Toshkent, Samarqand va Buxorodagi maktablarga buyuk nemis olim va yozuvchilari nomi berildi.
Toshkentdagi Gyote instituti, Konrad Adenauer hamda Fridrix Ebert nomidagi jamg`armalar, Germaniya akademik almashinuvlar xizmati vakolatxonalari va boshqa tashkilotlar xalqlarimiz o`rtasidagi madaniy-ma`rifiy aloqalarni rivojlantirishga hissa qo`shmoqda. Poytaxtimiz va bir necha viloyatlarda bo`limlari bo`lgan “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi, “O`zbekiston – Germaniya” do`stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda.
O`zbekistonda Germaniya fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim joriy etilgani muhim voqea bo`ldi. Bu mamlakatimizni ko`rishga qiziqadigan turistlar, biznesini yo`lga qo`yadigan investorlar va boshqalarga katta qulaylik yaratdi.
Tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta`lim, ilm-fan va innovasiya sohalariga oid hukumatlararo va idoralararo 9 ta hujjat imzolandi.
Tomonlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaati yo`lida o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishini bildirdilar.







