Bugun, 21 yanvar kuni Osiyo chempionatini yuqori saviyada o`tkazish, tashkiliy-amaliy ishlarni olib borish bo`yicha direktor Xofer Roland hamda texnik ishlar bo`yicha direktor yordamchisi Neumann Andrelar O`zbekistonga tashrif buyurib, 2019 yil 22-28 aprel kunlari yurtimizda bo`lib o`tadigan velosiped sportining shosse yo`nalishi bo`yicha Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdilar. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida Osiyo chempionati bo`lib o`tadigan Toshkent-Chimyon-Sijjak avtomagistral yo`lini ko`zdan kechirish, musobaqaga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha seminar o`tkazish hamda marra, start chiziqlarini belgilash rejalashtirilgan.

Yurtimiz ilk bor velosportning shosse yo`nalishi bo`yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Ushbu musobaqa 2020 yil Tokio (Yaponiya) shahrida bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o`yinlariga lisenziya berishini inobatga oladigan bo`lsak, chempionat saviyasi qay darajada yuqori ekanini anglash mumkin.
Eslatib o`tamiz, Osiyo chempionatiga qit`amizning 40 davlatidan 500 ga yaqin sportchi Olimpiada yo`llanmalarini qo`lga kiritish uchun bahs olib borishadi.






