Bugun, 2019 yil 21 yanvar kuni Milliy olimpiya qo`mitasi tashkil etilganiga 27 yil to`ldi. MOQ – nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi. O`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Xalqaro olimpiya qo`mitasi Xartiyasi va O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Nizomi asosida olib boradi. Tashkilot Respublikamizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, olimpiya harakatini targ`ib qilish yo`lida muhim vazifalarni bajarib kelmoqda.
O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi 1992 yilning 21 yanvar kuni tashkil etilgan. 1993 yilning sentyabr oyida Xalqaro olimpiya qo`mitasining 101 sessiyasida O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi XOQ tomonidan rasman tan olingan va shundan so`ng tashkilot xalqaro maydonda faoliyat olib borish imkoniyatiga ega bo`lgan. Shu kundan e`tiboran, O`zbekiston muntazam ravishda yozgi va qishki Olimpiya o`yinlarida qatnashib kelmoqda.
Mustaqil mamlakat sifatida Olimpiya o`yinlarida
O`zbekiston bugungi kungacha mustaqil davlat sifatida 7 ta qishki (Lillexammer-1994, Nagano-1998, Solt-Leyk-Siti-2002, Turin-2006, Vankuver-2010, Sochi-2014, Pxyonchxan-2018) Olimpiadada qatnashgan. Umumiy hisobda qishki Olimpiya o`yinlarida shu kungacha 29 nafar sportchi yurtimiz sharafini himoya qilgan. Qishki Olimpiadalar tarixida terma jamoamiz a`zolari tomonidan 1 ta oltin medal qo`lga kiritilgan. 1994 yili Lina Cheryazova Norvegiyaning Lillixammer shahrida fristayl bo`yicha qishki Olimpiya o`yinlari shohsupasiga ko`tarilgan. Ushbu medal mustaqil O`zbekistonning Olimpiadalardagi ilk oltini sifatida tarixga kirgan.
Yozgi Olimpiya o`yinlarida esa 1996 yildan buyon muntazam ravishda ishtirok etib kelamiz. O`zbekiston umumiy hisobda 6 ta yozgi (Atlanta-1996, Sidney-2000, Afina-2004, Pekin-2008, London-2012, Rio-de-Janeyro-2016) Olimpiadada 406 nafar sportchi bilan qatnashgan. Hamyurtlarimiz tomonidan 9 ta oltin, 7 ta kumush va 17 ta bronza medali qo`lga kiritilgan.
Bugungi kunda MOQ siyosati
Bugun Milliy olimpiya qo`mitasi mamlakatimizda sportni rivojlantirish yo`lida keng ko`lamda ish olib bormoqda. Tabiiyki, bu borada asosiy e`tibor olimpiya sport turlariga qaratilmoqda. O`tgan yili noolimpiya yo`nalishlaridan olimpiya sport turlariga iqtidorli sportchilarni saralab olish maqsadida ko`plab seleksion musobaqalar tashkil etildi.
Bundan tashqari, Milliy olimpiya qo`mitasi xalqaro aloqalarni mustahkamlab, nufuzli xalqaro sport tashkilotlari, etakchi sport mamlakatlari bilan keng qamrovli hamkorlikni qo`lga qo`ygan.
Olimpiada-2020 yo`lida
Milliy olimpiya qo`mitasi xalqaro arenalarda, kompleks musobaqalarda muvaffaqiyatga erishish uchun sport federasiyalari va assosiasiyalari bilan hamjihatlikda ish olib bormoqda. Tashkilot tomonidan Tokio-2020 Olimpiadasi uchun ishlab chiqilgan strategiya asosida terma jamoalarimiz xorijiy o`quv-mashg`ulot yig`inlarida ishtirok etishmoqda. Qolaversa, sport tibbiyoti yo`nalishiga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazidagi sharoitlar yaxshilandi, terma jamoa a`zolari ushbu markazda to`liq tibbiy ko`rikdan o`tib kelishmoqda.
"2019 yil lisenzion musobaqalar yili bo`ladi. Biz ushbu musobaqalarda Tokio 2020 Olimpiya o`yinlari uchun ko`plab lisenziyalarni qo`lga kiritishni maqsad qilganmiz. Bungacha har to`rt yillikning eng nufuzli sport musobaqasida o`zbek sportchilari ishtirok etmagan yo`nalishlarda ham qatnashib, o`ziga xos «Olimpiya imtihoni»ni muvaffaqiyatli topshirish va xalqimiz, Prezidentimiz hamda sport muxlislari tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz", - deyilgan qo`mita xabarida.






