Kecha, 18 yanvar kuni tongdan tushgacha Samarqand viloyatining aksariyat hududlarida yomg`ir yog`di, deb xabar bermoqda "Zarnews.uz" nashri.
E`tiborlisi, ko`chada soyabonsiz yurgan odamlarning ustidagi kiyimida "loyli" yomg`irdan dog`lar paydo bo`ldi. Shuningdek, avtomashinalarda ushbu holat kuzatildi. Oyna artgich moslamasi bo`lmagan yoki ishlamay qolgan avtoulovlar, hatto, harakatlanishdan cho`chib, yo`l chetida loyli yomg`irning to`xtashini kutishga majbur bo`lishdi.

— 17 yanvar kuni Eron va Ozarbayjon davlatlarida kuchli shamol bo`lib, atrofni chang-to`zon qoplagan va havoda tuproqli bo`ron hosil bo`lgan, o`sha kuni kechqurun mamlakatimiz bo`ylab ham 15-20 metr/sekund tezlikda shamol esdi. Garchi bizda erdan chang ko`tarilmagan bo`lsa-da, shamolning ta`sirida atmosferaning yuqori qismida hosil bo`lgan chang tufayli yomg`ir o`ziga xos "loyli" holda yog`di, - dedi Samarqand viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi boshlig`i V.Mirzoev.






