2018 yilning 4 oktyabr kuni Internet tarmog`idagi Telegram mesenjeridagi "Bollar Va Qizlar" nomli 374 mingdan ortiq a`zolari bo`lgan kanaldan telefon va kompyuter vositalariga zarar keltiruvchi dasturlar tarqatilgan. Bu haqda O`zbekiston IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Ko`rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Farg`ona viloyatida yashovchi M.V. sodir etganligi aniqlanib, qo`lga olindi.
"Shu kabi jinoyatlar, qotillik va o`zini o`ldirishga undovchi harakatlarga qarshi kurashish borasida respublikamizda eng avvalo bularning asosi bo`lgan axborot tarmoqlari, ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish bo`yicha normativ-huquqiy bazalar yaratilgan.
Xususan, Konstitusiyamizning 29-moddasida "Har kim o`zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir", deb belgilab qo`yilgani bu sohada tashlangan ilk muhim qadam bo`ldi", - deyilgan xabarda.






