Ertaga O`zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogining 1/8 finali doirasida Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi. Bugun ushbu o`yin oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda terma jamoamiz ustozi Ektor Kuper va futbolchi Jaloliddin Masharipov ishtirok etdi.
Dastlab, murabbiy Ektor Kuper Avstraliyaga qarshi o`yin haqidagi fikrlarini bildirib o`tdi:
— Avstraliyaga qarshi o`yin juda muhim ekanini his qilib turibmiz. Xato qilishga haqqimiz yo`q. Maydonga faqat g`alaba uchun maydonga tushamiz. Avstraliya kuchli jamoa, Osiyoning grandi. O`tgan 3 kun vaqt davomida xatolarimizni ko`rib chiqdik, kamchiliklar ustida ishladik. Ertaga faqat g`alaba uchun o`ynaymiz.
Jaloliddin Masharipovning fikrlari esa quyidagicha bo`ldi:
— Birinchi o`yinda hayajon bor edi. Ammo Turkmanistonga qarshi o`yinda o`z o`yinimizni ko`rsata oldik. Murabbiyning barcha ko`rsatmalarini bajardik. Bu o`yin o`zimizga bo`lgan ishonchni oshirib yubordi. Yaponiyaga qarshi o`yinda mag`lubiyatga uchragan bo`lsak ham, biz yaxshi o`ynadik. Bu o`yindagi mag`lubiyat bizni tushkunlikka tushirmaydi. Hammaning kayfiyati yaxshi. Ertaga g`alaba uchun o`ynaymiz.
Shundan so`ng murabbiy va futbolchi OAV xodimlari savollariga javob qaytardi.
Ektor Kuper: Barcha jamoalarning o`z o`yin uslubi bor. Biz ham o`z o`yin uslubimizga ega bo`lishga harakat qilyapmiz. O`yin falsafasi degan so`zni ishlatishni istamagan bo`lardik. Bu umumiy tushuncha. Albatta, biz Avstraliyaga qarshi o`yin oldidan ba`zi o`zgarishlarni amalga oshirishimiz mumkin. Birinchi navbatda, ehtiyotkorlikka ahamiyat qaratamiz. Shu bilan birga o`z uslubimizni namoyish qilishga ham intilamiz. Butunlay o`z uslubimizdan voz kechish niyatimiz yo`q. Bu noto`g`ri bo`lardi.
Biz Osiyo Kubogiga musobaqani yutish uchun kelganmiz. Faqat ayrim jamoalarni emas. To`g`ri, Yaponiyaga qarshi o`yinda mag`lubiyatga uchradik. Ammo biz musobaqadagi ishtirokimizni davom ettiryapmiz. Barcha futbolchilarning e`tibori Avstraliyaga qarshi o`yinga qaratilgan. Bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishga tayyormiz
Avstraliya bilan bir mehmonxonada yashayotganimizda hech qanaqa muammo ko`rmayapman. Biz bir-birimiz bilan do`stona muloqotdamiz. Bir birimizga hurmat saqlaymiz. Mehmonxonada hech qanday ziddiyatlar yuzaga kelmayapti, kelmaydi ham. Biz barchamiz professionallarmiz. Maydonda raqibmiz, maydon tashqarisida do`stmiz.
Jaloliddin Masharipov: Avstraliyani nimalar evaziga mag`lubiyatga uchratishimiz mumkin? Bu haqida hozir bu erda gapirishning o`rni emas. Biz raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini o`rgandik. Murabbiyimizda aniq reja bor. Biz shu rejaga amal qilishga intilamiz.
2011 yilda Qatarda Avstraliyadan yirik hisobda mag`lub bo`lganmiz. Ertangi o`yinda ana o`sha mag`lubiyat alamini olmoqchimiz. Bu bizga qo`shimcha motivasiya beradi. Ertaga yigitlar bilan maydonga tushib, revansh olishga harakat qilamiz.
Ektor Kuper: Yaponiyaga qarshi o`yinda Masharipov fint ishlatgan paytda unga e`tiroz bildirganim yo`q. Men bunga normal qarayman. Futbolchilarga erkin o`ynashga imkoniyat beraman. Ammo o`yin paytida bo`shashish kerak emas. Diqqat-e`tiborni jamlab, konsentrasiyani saqlab harakat qilish kerak. Futbolchilardan faqat shuni talab qilaman.
Avstraliyaning barcha o`yinlarini o`rganib chiqdik. Ular tartibli jamoa, jismoniy jihatdan kuchli. Individual mahoratli futbolchilari ko`p. Osiyoning kuchli futbolchilaridan biri. Shunga qaramay, biz bor imkoniyatlarni ishga solib, ularni mag`lubiyatga uchratishga harakat qilamiz.






